Sirdaryo viloyati Kasaba uyushmalari Kengashi 2021 yildan bugungi kunga qadar kelib tushgan 660 ta murojaatni ko‘rib chiqdi.
Ushbu murojaatlar asosan ishga tiklash, ish haqi va mukofot to‘lovlari, mehnat shartnomasi buzilishi, mehnat muhofazasi, moddiy yordam, sihatgoh yo‘llanmalari va jamoa shartnomalariga rioya qilish masalalarini qamrab oldi.
– Barcha murojaatlar atroflicha o‘rganilib, tegishli javoblar berildi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov. – Qonunbuzilish holatlari aniqlangan korxonalarga 75 dan ortiq taqdimnoma yuborildi. Shuningdek, Kengash xodimlari ishchilar nomidan sudga da’vo arizalari kiritib, ularning huquqlarini amaliy tarzda tikladi. Natijada 495 nafar xodimning huquq va manfaatlari himoya qilindi, ular foydasiga 3 milliard 189 million so‘m ish haqi va majburiy ishga chiqmagan davrlari uchun to‘lovlar undirildi.

Mavsumiy ishlarda ham xodimlar huquqlari himoyasi alohida ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Xususan, paxta terimi mavsumida tashkil etilgan “qayta aloqa” mexanizmi orqali terimchilarning murojaatlari tezkor o‘rganilib, barcha holatlarda muammolar ijobiy hal etildi. Bu tizim orqali oxirgi yillarda 56 nafar fuqaro murojaat yo‘llagan va ularga 400 million so‘mdan ortiq haq to‘lab berildi.
Ba’zi murojaatlar yuzlab insonlar taqdiriga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Guliston ixtisoslashtirilgan san’at maktabida 109 nafar xodimning ta’til pullari o‘z vaqtida to‘lanmaganligi bo‘yicha kelib tushgan murojaat yuzasidan Kengashning aralashuvi va ish beruvchi bilan muzokaralar natijasida shu kunning o‘zida jami 923 million 165 ming so‘m to‘lab berildi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati suv sporti maktabi yo‘riqchisi Hakim Sharipov ishga tiklanish bo‘yicha murojaat qilganida, Kengash xodimlari u sudga murojaat qildi. Sud hal qiluv qarori bilan Sharipov ishiga tiklandi va unga 34 million so‘m to‘lov undirildi.
Hatto 31 nafar xodimning mehnat shartnomasi qisqarish ehtimoli paydo bo‘lgan “Guliston Neft Bazasi” MCHJda ham Kengash masalani nazoratga oldi. Ish beruvchi bilan muzokaralar natijasida barcha xodimlar o‘z ish joylarini saqlab qoldi.
– Har bir murojaat — xalq ishonchi. Shu ishonchni oqlash va fuqarolarning huquqiy manfaatlarini amalda himoya qilish bizning asosiy burchimiz, – deydi Rustambek Tursunmurodov. – Murojaat ortida inson taqdiri turadi, shuning uchun biz har bir masalaga shaxsan yondashamiz. Eng muhimi, murojaat faqat qog‘ozda emas, natijada hal bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham Kengash faoliyatida “harakatning o‘zi emas, natija muhim” tamoyili ustuvor.

Murojaatlarning o‘z vaqtida va samarali ko‘rib chiqilishi nafaqat mehnat qonunchiligi ijrosini ta’minlaydi, balki fuqarolarning adolat va qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA