FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini munosib tarzda o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, faxriylarning holidan xabar olish, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, ichki turizm loyihasi bo‘yicha ishchi-xizmatchilarni respublikamizning turli tarixiy shaharlariga sayohatlarini uyushtirish kabi qator tadbirlar rejalashtirilgan.
Farg‘ona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbiri ham soha fidoyilarini e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi.
Marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Qobiljon Qirg‘izaliyev, viloyat, shahar sektorlari rahbarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, uyushma xodimlari, hamkor tashkilotlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat rahbari X. Bozorov bugungi kunda viloyat korxona va tashkilotlarida 10 mingdan ziyod ishchi-xodim fidokorona mehnat qilib kelayotgani hamda kasaba uyushmalari ishchi-xodimlarni kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy, huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratishda faol ishtirok etayotganiga alohida urg‘u berdi.
[gallery-9425]
Kasaba uyushmalari tomonidan ijtimoiy sherikchilik asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani, yil boshidan buyon 1368 nafar ishchi-xizmatchining buzilgan huquqlarini tiklash orqali 1 milliard 634 million so‘mdan ziyod ish haqlari, ma’naviy va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undirib berilgani aytib o‘tildi.
So‘nggi yillarda tizimga qaratilgan e’tibor natijasida kasaba uyushmalari jamiyatimizning muhim bir bo‘lagiga aylanganini alohida ta’kidlagan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Q. Qirg‘izaliyev soha xodimlarini samimiy qutlab, kasaba uyushmalari faoliyatini rivojlantirishda Farg‘onada o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilganini e’tirof etdi. Birgina “Ayollar daftari” bilan ishlash borasida viloyatda 74 ming 463 nafar xotin-qizga amaliy yordam ko‘rsatilgani alohida qayd etildi. Shuningdek, kooperatsiya usulida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 60 ta loyihada minglab ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, joriy yilda 11 ming 600 nafar bolajonning yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida maroqli dam olishiga imkoni yaratildi. Bundan tashqari, 26 ming 202 nafar ishchi-xodimning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm kabi shaharlar va diqqatga sazovor joylarga sayohatlari tashkil etildi. Shuningdek, 1368 nafar ishchi-xodimning kasaba uyushma aralashuvi bilan huquqlari tiklandi.
Tadbirda Federatsiya tomonidan e’lon qilingan “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng yaxshi ayol ish beruvchi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” kabi tanlovlarning viloyat bosqichi g‘oliblariga diplom, pul mukofoti, esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
– O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” ko‘rik-tanlovida mening kamtarona mehnatim e’tirof etilib, viloyat bosqichida faxrli 1-o‘ringa loyiq ko‘rilibman, - deydi “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” yo‘nalishi bo‘yicha tanlov g‘olibi, Oltiariq tumanidagi “Ustoz” MFY xotin-qizlar faoli Komila G‘iyosova. – Rosti juda hayajondaman. Bu e’tirof mening kelgusi faoliyatimda katta mas’uliyat yuklaydi. Endilikda ishimga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshirib, xotin-qizlarimizni hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga erishishda, ularning muammolarini hal etishga bor kuch va imkoniyatimni safarbar etaman.
Taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan dilbar taronalar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA