Ishchi guruh vakillari bojxona postlari faoliyati bilan tanishdi
Ishchi guruh aʼzolari poytaxtimizdagi bir qator tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida boʻlib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Ishchi guruh aʼzolari poytaxtimizdagi bir qator tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida boʻlib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Ishchi guruh tomonidan doimiy tartibda mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish va importni optimallashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, nazoratni kuchaytirish va amaldagi qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar kiritib borilishi asosiy vazifa etib belgilangan.
Toshkent shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Bojxona boshqarmasi rahbarlaridan iborat Ishchi guruh aʼzolari dastlab, “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida boʻlishdi. U yerda bojxona xodimlari va tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Ishbilarmonlar ishtirokida sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish koʻlamini oshirish va kengaytirish masalalariga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi hamda ularning fikrlari tinglandi.
“Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga tashrif chogʻida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xom-ashyo va materiallarning yangi turlarini oʻzlashtirishga qaratilgan ishlar tahlil qilinib, bu borada uchrayotgan ayrim muammolar atroflicha oʻrganildi. Mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilayotgani, tashqi savdo va valyuta operatsiyalari erkinlashtirilgani natijasida sogʻlom raqobat muhiti, haqiqiy bozor iqtisodiyoti shakllanayotgani qayd etildi.
“Highway Logistics Center” transport logistika kompleksi hududida joylashgan “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postidagi uchrashuv chogʻida bugungi kundagi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada eksportbop va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga yoʻnaltirilgan sanoat siyosatini yuritish zarurligi taʼkidlandi.
“Sergeli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida boʻlgan ishchi guruhi aʼzolari mavjud xomashyo va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, mahalliylashtirish koʻlamini kengaytirish masalasiga toʻxtalib oʻtishdi.
Maʼlumki, “Sergeli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti “UZTEX TASHKENT” qoʻshma korxonasi maʼmuriy binosida joylashgan. Ishchi guruh aʼolari bu yerda korxona faoliyati bilan ham tanishib, sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish boʻyicha bir qator taklif va mulohazalarni bildirib oʻtishdi.