O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi K.Burxanov, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanovlar tomonidan 2025 yil 5 mart kuni Prezident rahbarligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, korrupsiya, ayniqsa maishiy korrupsiyaning oldini olish hamda “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasida bajarilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi.
Mazkur masalalar bo‘yicha respublika Ishchi guruhi dastlab Muxammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Nukus filialida maktab ta’limi sohasida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.
Shundan so‘ng, bu borada tasdiqlangan “Yo‘l xarita”da belgilangan vazifalar ijrosi, sohada maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish borasidagi faoliyat natijalari bo‘yicha muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda maktabgacha va maktab ta’limi sohasida saqlanib qolayotgan korrupsiyaviy omillar, “Yo‘l xarita”da belgilangan tadbirlarning ijrosi, jumladan, o‘qituvchilarga sertifikatlar berilishi, qo‘shimcha ustama to‘lanilishi, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqat bilan ta’minlanishi, brakeraj komissiyalari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirilishi hamda korrupsiyani oldini olish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni barataraf etish yuzasidan aniq muddatlar belgilangan holda mas’ullarga topshiriqlar berildi va ijrosi nazoratga olindi.
Ishchi guruh Raqamli sog‘liqni saqlash markazining Qoraqalpog‘iston filialida bo‘lib, sohada bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirishning ahvoli o‘rganildi. Shundan so‘ng, sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, tizimdagi maishiy korrupsiya holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan bir qatorda Nukus shahri va bir qator tumanlardagi sog‘liqni saqlash muassasalarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan tadbirlar ijrosini o‘z muddatida sifatli ta’minlash shuningdek, Orolbo‘yini korrupsiyadan holi hududga aylantirish borasida tegishli idoralarning takliflari muhokama qilindi. Bildirilgan takliflarni amaliyotga joriy qilish choralarini ko‘rib chiqish bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlariga topshiriqlar berildi va ularning ijrosi alohida nazoratga olindi.
Shu kuni “Yo‘l xarita”da belgilangan vazifalar ijrosining Kadastrlar palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning quyi tizimlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.
Tadbirda, Kadastrlar palatasi tizimida amalga oshirilayotgan ishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqarishning oldini olish maqsadida sohani raqamlashtirish hamda boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. Mas’ullarga aniq muddatlari belgilangan topshiriqlar berildi.
— Yig‘ilishda "Yo‘l xaritasi"da belgilangan vazifalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar qayd etilib, aniqlangan kamchiliklar ham tanqid qilindi. Jumladan boshqarma tomonidan asossiz qaytarilgan arizalar birma-bir ko‘rib chiqilib, 596 holatda fuqarolarning arizalari asossiz qaytarilganligi tanqidiy nuqtai nazardan qayd etildi. Bunga yo‘l qo‘ygan 36 nafar mutaxassisga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi belgilandi. Ishchi guruh ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda sohada korrupsion holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli takliflar bildirildi va ular qo‘llab-quvvatlandi, — deydi Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Paraxat Seytmuratov.
Ishchi guruh tomonidan Nukus shahar “Markaziy” dehqon bozorida “Raqamli bozor” konsepsiyasi doirasida amalga oshirilgan raqamlashtirish ishlari, aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar va narx-navolarning holati o‘rganildi
[gallery-26036]
O‘rganishlar davomida hududda korrupsiyaning oldini olish borasida tasdiqlangan “Yo‘l xarita”ning ijrosi bo‘yicha bir martalik yig‘imlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni onlayn QR-kod orqali to‘lash tizimini keng joriy etish, bozor hududini nazorat qilish maqsadida kuzatuv kameralari bilan to‘liq qamrab olish, bozorga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish tizimini raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Avtoturargohlarni raqamlashtirish va soliq idoralari bilan integratsiya qilish ishlarini yakunlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib, mas’ullarga qator topshiriqlar berildi. Belgilangan vazifalarning ijrosi nazoratga olindi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA