Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ishchi guruh hududda rejalashtirilayotgan yangi sanoat va investitsiya loyihalarini atroflicha muhokama qildi.
Xususan, Ko‘ksaroy mahallasi hududida 9,6 gektar maydonda joylashgan granit konida xomashyoni qayta ishlash korxonasi va Baxshijar mahallasida bo‘sh turgan yaylov yer maydonida to‘liq xorij kapitali ishtirokida qiymati 35 million AQSH dollari bo‘lgan granit toshlaridan yuqori qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod loyihasi ko‘zdan kechirildi. Bu loyiha mahalliy aholi uchun ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiyotini investitsiyalar orqali rivojlantirish imkonini beradi.

Ta’kidlanganidek, mahalliy tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiya muhitini kengaytirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Xatirchi tumanida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ishlari aholi va mahalliy korxonalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Tumanda o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar davomida mahalliy biznesning dolzarb muammolari va takliflari tinglandi. Hamkorlikda tadbirkorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, kredit va subsidiya imkoniyatlarini kengaytirish hamda amaliy ko‘mak ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Langar qo‘rg‘oni hududida volfram konlari hamda noyob va nodir metallarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha mahalliy va xorijiy korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar ham tahlil etildi.

Xizmat safari davomida konlarni o‘zlashtirish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi va ularni bartaraf etishga qaratilgan tegishli taklif va tavsiyalar berildi. Shuningdek, vazirlik va tuman hokimligi hamkorligida yangi zavodlar va sanoat ob’ektlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi belgilandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA