Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishchi guruh suv resurslari va sanitariya masalalarini ko‘rib chiqdi
13:10 / 2026-02-19

O‘zbekistonda suv resurslari sohasidagi Milliy siyosiy muloqot (NPD) doirasida “Suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya” yo‘nalishi bo‘yicha Tarmoqlararo ishchi guruhning 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishchi guruh a’zolari, tarmoq idoralari, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishtirok etdi.  

Yig‘ilishni ishchi guruh hamraisi – Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov, “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Nodir Xo‘jamov, Shveysariyaning mamlakatimizdagi elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari- hamkorlik bo‘limi rahbari Andrin Fink va boshqalar so‘zga chiqib, sohadagi islohotlarning mintaqaviy va global ahamiyatiga to‘xtaldi.

Unda asosiy masala suv xo‘jaligi sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani inventarizatsiya qilish va Suv kodeksiga sharhlar ishlab chiqish jarayoni bo‘ldi. Muhokamalarda mutaxassislar yangi qonun normalarini amaliyotga samarali joriy etish, huquqni qo‘llashda yagona yondashuvni shakllantirish va ijro mexanizmini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Suv kodeksi normalarining amalga oshirilishi bo‘yicha monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish lozimligi ham qayd etildi.  

Shuningdek, tadbirda ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya sektorini institutsional rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi. Boshqaruv vakolatlarini aniq taqsimlash, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.  

Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2026-yil va keyingi davr uchun rejalashtirilgan ustuvor vazifalar yuzasidan ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida Shveysariyaning mamlakatimizdagi elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari va hamkorlik bo‘limi rahbari Andrin Fink intervyuda quyidagilarni ta’kidladi.

–Ushbu uchrashuvda barcha hamkorlar bir joyga to‘planib, yil davomida amalga oshiriladigan faoliyatlar bo‘yicha muhokama olib bordilar. Yil davomida xalqaro ekspertlar ishtirokida ko‘plab muhim tadbirlar rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu yig‘ilishning asosiy maqsadi rejalarning o‘zaro muvofiqlashtirilishi bo‘ldi. Shuningdek, avvalgi yig‘ilishimizda O‘zbekistonning yangi Suv kodeksi taqdim etilgan edi. Bugungi yig‘ilishda, oradan uch oy o‘tib, O‘zbekistonning amaldagi huquqiy bazasini tahlil qilish natijalari hamda yangi Suv kodeksini milliy qonunchilikka tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Suv ta’minoti, suv resurslari va sanitariya kabi muhim yo‘nalishlarda fikr almashish uchun bunday muntazam uchrashuvlarning o‘tkazilishi juda muhimdir. Chunki, hozirda bu sohada juda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda va kelgusida yana ko‘plab rejalar mavjud. Shu sababli hamkorlarning faoliyatlarini muvofiqlashtirib borishi va muntazam muhokama qilishi katta ahamiyatga ega, – dedi u.

Muhokamalarda UNECE, OECD kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa milliy idoralar vakillari faol ishtirok etdi. Xalqaro hamkorlar tomonidan suv resurslarini boshqarish, ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya sohasida kompleks yondashuvni saqlash muhimligi  ta’kidlandi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA