Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishchi guruh Surxondaryoda (+video)
17:06 / 2025-02-04

Respublika Ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida aholi murojaatlari bilan ishlab, odamlarning muammo va takliflarini tinglash, ular o‘rtaga tashlayotgan masalalarni hal etish uchun ommaviy sayyor qabul o‘tkazmoqda.

Joriy yilning 4-7 fevral kunlariga mo‘ljallangan sayyor qabul Termiz shahridagi San’at saroyida Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zsuvta’minoti” aksiyadorlik jamiyatlari mutasaddilari, shuningdek, hududiy sektorlar, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida boshlandi. 

Viloyat markazida bo‘lib o‘tgan qabulda Angor, Termiz, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on tumanlari va Termiz shahri aholisining murojaatlari tinglandi. Muloqotlar chog‘ida sud-huquq va boshqa sohalar qatori Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tegishli masalalarda ham ko‘plab murojaatlar eshitilib, ularni yechish choralari ko‘rildi. 

– Bugun ommaviy sayyor qabul bo‘layotgan ekan, – deydi Termiz shahri Manguzar mahallasidan Nuriniso Pattayeva. –Sayyor qabulga ikki xil moddiy yordam masalasi bo‘yicha kelganman. Uch nafar nogiron farzandim bor. Bolalikdan uchalasi ham nogiron. Ijtimoiy himoya milliy agentligidan bir martalik moddiy yordam hal bo‘ldi. Ikkinchi masalam yuzasidan boshqa tashkilotlarga ham uchrashaman. Ommaviy sayyor qabulda fuqarolar murojaatlarini erkin holda borib, tushuntirmoqda. Tegishli tashkilotlar har bir fuqaroning murojaatini eshitib, muammolarini hal etish yo‘llarini izlamoqda. Xalqimiz bundan minnatdor. 

O‘tgan yili viloyatda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, mahallalarda ijtimoiy xodimlar ish boshlab, 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun yuzdan ortiq xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 1 ming 211 nafar shaxs protez ortopediya moslamasi bilan ta’minlandi. 4 ming 941 ta reabilitatsiya texnik vositasi, jumladan, 287 nafar fuqaro elektron yuritmali nogironlar aravachasiga ega bo‘ldi. Reabilitatsiya markazlarida 2 ming 884 nafar nogironligi bor shaxs davolanib, 453 nafarining nogironlik guruhi yengillashtirildi. 231 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs to‘liq sog‘lomlashtirildi. 

Sayyor qabul beshinchi fevral kuni Sho‘rchi, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on va Bandixon tumani aholisi uchun Qumqo‘rg‘on tumanida davom etadi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SBqfoauR-cE" title="Ishchi guruh Surxondaryoda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri