Mamlakatimizda energetika sohasini modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.
Bu jarayonda gidroenergetika tarmog‘ida barpo etilayotgan yangi inshootlar mamlakatning energiya xavfsizligini ta’minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu kabi yirik loyihalardan biri sifatida barpo etilgan “Quyi Chotqol” gidroelektr stansiyasi zamonaviy texnologiyalar va yuqori xavfsizlik standartlari asosida faoliyat yurituvchi yangi energetika ob’ekti hisoblanadi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruh yangi barpo etilgan “Quyi Chotqol” gidroelektr stansiyasiga amaliy tashrif buyurib, energetika ob’ektida olib borilayotgan ekspluatatsiya jarayonlari, gidrotexnik inshootlarning texnik holati hamda ishlab chiqarish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida, avvalo, mazkur stansiya to‘g‘onini xavfsiz ekspluatatsiya qilishda nazorat-o‘lchov qurilmalari (KIA) tizimiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur qurilmalar gidrotexnik inshootlarning texnik holatini doimiy monitoring qilish, to‘g‘on konstruksiyalaridagi yuklama, deformatsiya va filtratsiya jarayonlari, suv bosimi hamda boshqa muhim ko‘rsatkichlarni aniq nazorat qilish imkonini beradi. Bu esa gidroenergetika ob’ektlarining ishonchli va barqaror faoliyat yuritishida muhim ahamiyatga ega.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday zamonaviy nazorat tizimlari gidrotexnik inshootlarning uzoq muddatli va xavfsiz ekspluatatsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, tizim natijasida olinayotgan ma’lumotlar tahlil qilinib, inshootlarning texnik holati yuzasidan tezkor qarorlar qabul qilish imkoniyati yaratiladi.
Tashrif chog‘ida boshqaruv raisi yangi qurilgan ushbu inshoot ekspluatatsiyasini amalga oshirayotgan muhandis-texnik xodimlar bilan ham muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi, gidroenergetika uskunalari bilan ishlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalari, shuningdek, xavfsiz ekspluatatsiya talablarini bilish darajasi o‘rganildi.
Muloqot chog‘ida boshqaruv raisi energetika sohasida inson kapitali muhim o‘rin tutishi, gidroelektr stansiyalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va malakasini doimiy ravishda oshirib borish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va mehnat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Aytish kerakki, “Quyi Chotqol” gidroelektr stansiyasi mamlakat gidroenergetika tarmog‘ining yangi bosqichga ko‘tarilayotganini namoyon etuvchi muhim loyihalardan biridir. Mazkur ob’ektning ishga tushirilishi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, ekologik toza energiya manbalaridan samarali foydalanish hamda hududlarni barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA