Bosh prokuror o‘rinbosari D.Qosimov rahbarligida Buxoro viloyatida muammoli qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha hududiy ishchi guruhi hamda tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni qisqartirish yuzasidan hududiy komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda, joriy yil noyabr-dekabr oylarida belgilangan reja grafigi ijrosini ta’minlash, bank balansidagi mulklarni sotish, muammoli kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish hamda muddatini asossiz ravishda uzaytirilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ishchi guruh tomonidan Buxoro shahrida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar o‘rganildi. Xususan, “Kamalak Shabnam teks” MCHJ tomonidan barpo etilgan ip-kalava va matoni bo‘yashni tashkil etish loyihasi bilan tanishildi.
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 10 million AQSH dollarini tashkil qilib, loyiha ishga tushishi natijasida yiliga 3 ming tonna ip-kalava va matoni bo‘yash hamda 150 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Buxoroenergomarkaz” AJda yangi o‘rnatilgan suv isitish qozonxonasi faoliyati o‘rganildi. Bundan tashqari, “Bukhara Next Generation Product” MCHJda bo‘lib, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi. Hozirgi kunda mazkur korxonada ikki ming nafardan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mahalliy va jahon bozorida sotilmoqda.

Ishchi guruh tomonidan Buxoro shahrida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar ham o‘rganildi. Xususan, xalqaro moliya mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan “Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialini rekonstruksiya qilish” loyihasi bilan tanishildi.

Shuningdek, “Bukhara Agroklaster DZZ” MCHJ tomonidan sutni qayta ishlash va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi o‘rganildi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 4,2 million AQSH dollarini tashkil qilib, yiliga 20 ming tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega. Hozirgi kunda mazkur korxona tomonidan 4,6 milliard so‘m byudjetga tushum amalga oshirilib, 110 nafardan ortiq fuqarolarning bandligi ta’minlangan holda xaridorgir har xil turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
O‘rganish davomida, tadbirkorlarning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.