Keyingi yillarda “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan gidroenergetik salohiyati mavjud hududlarda investitsiyaviy loyihalar asosida yangi GESlarni qurish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Namangan viloyati Norin daryosida umumiy quvvati 228 MVt bo‘lgan Norin GESlar kaskadi qurilishi ana shunday loyihalardan biridir.
Ahamiyatlisi, ushbu loyiha yurtimiz gidroenergetikasi tarixida ilk bor “milliy GES” shaklida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Jamiyat mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan ushbu loyiha uchun zarur bo‘lgan barcha asbob-uskunalar, jihozlar ham o‘zimizda tayyorlanadi.
Loyihaga ko‘ra, Norin GESlar kaskadi har birining quvvati 38 MVt bo‘lgan 6 ta GESdan iborat. Kaskadning ishga tushirilishi natijasida yiliga o‘rtacha 1 025 million kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Bugun, 27 iyun kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh aynan ushbu ob’ektdagi jarayonlar bilan tanishdi.
Mazkur qurilish ob’ektida 100 ga yaqin qurilish texnikasi jalb etilgan bo‘lib, yer tayyorlash, qurilish-betonlashtirish, qurilish-montaj ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Tanishuv chog‘ida Norin daryosidagi suv to‘sish inshootida amalga oshirilayotgan qurilish va chap qirg‘oq dambasini betonlashtirish ishlarining borishi tajribali mutaxassislar ishtirokida har tomonlama ko‘rib chiqildi.
Shundan so‘ng loyihalashtirish, qurilish va pudratchi korxonalar rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda boshqaruv raisi tomonidan loyihaga mas’ul mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA