Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishchi guruh Namangan viloyatidagi ta’lim va madaniyat muassasalari faoliyatini o‘rgandi
11:37 / 2020-11-27

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Bekzod Musayev boshchiligidagi Ishchi guruhi Namangan viloyatidagi ta’lim va madaniyat muassasalari faoliyatini o‘rgandi.

Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori ta’lim va ilf-fan tizimida yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi.

Mazkur muhim hujjatlarda belgilab berilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar joylarda keng muhokama qilinmoqda.  

Pop tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham viloyatda ta’lim sohasini yangi sifat bosqichiga olib chiqishning dolzarb masalalari tahlil qilindi. Respublika Bosh vazirining o‘rinbosari Bekzod Musayev davlatimiz rahbari tomonidan ilgari suriilayotgan g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishda har bir pedagog zimmasiga yuklanayotgan muhim vazifalar haqida so‘z yuritdi. Namanganda umumta’lim maktablarining oliy ta’lim va madaniyat muassasalari bilan hamkorligi masalalariga to‘xtaldi.  

Ma’lumki shu yil 30 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oliy o‘quv yurtlari rektorlari zimmasiga maktablarga borib, ularning muammolari bilan shug‘ullanish borasida aniq topshiriqlar yuklatilgan edi.

Uchrashuvda ta’lim sifati past, oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari va pedagoglarning bilimi talabga javob bermaydigan maktablarni birgalikda ko‘tarish bu ezgu tashabbusning bosh maqsadi ekani ta’kidlandi. Viloyatda maktab ta’limi sohasida muayyan ijobiy ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha yechimini kutayotgan muammolar ko‘pligiga e’tibor qaratildi.

Raqamlarga tayanadigan bo‘lsak, 2020 yilda oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish ko‘rsatkichi jami bitiruvchiga nisbatan 17,6 foizni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 7,2 foizga oshgan. Natijada Namangan viloyati respublikada 8-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarilgan.  

Lekin, bu ko‘rsatkich viloyat bo‘yicha tahlil qilinganda, ayrim joylarda ahvol yaxshi emasligi ko‘rinadi. Masalan, Namangan shahrida joriy yilda maktablarni tamomlagan 8 ming 813 o‘quvchidan atigi 994 nafari oliygohlarga qabul qilingan xolos. Bu 11,3 foizni tashkil etib, viloyatda eng past (yomon) ko‘rsatkich hisoblanadi.

Respublika Ishchi guruhi oliy ta’lim muassasalariga kirish natijalarini tahlil qilish maqsadida Namangan shahridagi 48- va 10-sonli umumta’lim maktablari faoliyatini o‘rgandi. 48-maktabni tugatgan 130 o‘quvchidan 53 nafari (shundan 5 o‘quvchi davlat granti asosida) universitet va institutlarga qabul qilingan. Ajablanarlisi, shulardan 27 nafari bitta oliygohga – qo‘shni Qirg‘iz Respublikasidagi universitetga yoppasiga hujjat topshirgan.

10-maktabda esa holat tamomila boshqacha. O‘quv dargohini 82 nafar o‘quvchi tugatgan bo‘lsada, taassufki, biror bir bitiruvchi oliy ta’lim dargohlariga o‘qishga kira olmagan. Shu o‘rinda, haqli savollar tug‘iladi: Xo‘sh, mazkur maktab o‘quvchilarida oliy ta’limga qiziqish yo‘qmi? Maktabda ta’lim sifati pastmi? Achinarlisi shundaki, 82 bitiruvi-o‘quvchining deyarli 50 nafari oliygohlarga hujjat topshirgan bo‘lsada, ulardan bor-yo‘g‘i 12 nafari test sinovlarida ishtirok etgan xolos. Ayni shu jiddiy kamchiliklarni inobatga olib natijalari o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan 15 ta umumta’lim maktablari viloyatdagi oliy ta’lim muassasalariga biriktirildi.

Ishchi guruhi To‘raqo‘rg‘on tumanidaga madaniyat markazi faoliyati bilan tanishdi. Ta’lim va madaniyat muassasalari hamkorligi masalalari atroflicha muhokama qilindi. 15 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan muhtasham markaz binosi hozirda huvullab qolgan. Mavjud to‘garaklar faoliyati sust. O‘quvchilarni, uyushmagan yoshlarni madaniyat va san’atga qiziqtirish bo‘yicha yetarli targ‘ibot ishlari olib borilmagan. Bir so‘z bilan aytganda, markaz faoliyati bugungi kun talabi darajasida emas.

Bu borada Namangan shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy sa’y-harakatlarni viloyatning har bir tumanida amalga oshirish kerakligi aytib o‘tildi. Prezidentimizning 2020 yil iyun oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ilgari surilgan tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida haftaning har yakshanba kuni “maqom kechasi” o‘tkazilmoqda. Ishchi guruhi tomonidan bunday maqom kechalarini tumanlararo tanlov tariqasida tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

Viloyat hokimligi majlislar zalida Bosh vazir o‘rinbosari Bekzod Musayev va Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda videoaloqa orqali shahar-tuman studiyalari ham ulandi. Unda Respublika Ishchi guruhi tomonidan ta’lim va madaniyat muassasalaridagi mavjud holat, tizimda aniqlangan muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama etildi.

Namangan Davlat universiteti rektori Sobitxon Turg‘unov, Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori Sharifboy Ergashev, Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odilojon Mamatkarimov o‘zlariga biriktirilgan umuta’lim maktablarida Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida axborot berdi.

Rektorlar tomonidan maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga qiziqtirish, o‘quvchilarni kasb va hunarga yo‘naltirish, ota-onalar bilan bu borada yetarli darajada ish tashkil etishga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Maktab o‘quvchilarini oliy ta’lim muassalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari o‘ta past bo‘lgan Namangan shahri, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari hokimlari Olim Isayev, Sadriddin Mo‘minov, Asadulla Najmiddinovlardan kelgusida bu borada ahvolni yaxshilashga mas’uliyat bilan yondashish lozimligi so‘raldi.

Shuningdek, yig‘ilishda Kosonsoy, Mingbuloq, Uychi, Yangiqo‘rg‘on va Norin tumanlarida axborot-kutubxona markazlari haligacha tashkil etilmaganligi tanqid qilinib, tegishli tumanlar hokimliklariga bu borada tezroq amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA