Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishchi guruh: Kriminogen vaziyat Sergeli tumanida 26 foizga yaxshilangan
14:56 / 2023-10-04

Yurtimizda kriminogen vaziyatni yaxshilash hamda mahallalarda osoyishtalikni ta’minlash yuzasidan zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov rahbarligida shu maqsadda idoralararo maxsus ishchi guruh tashkil etildi.

Ishchi guruh poytaxtimizdagi Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida bo‘lib, ichki ishlar bo‘limlari shaxsiy tarkibi tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda tungi vaqtlarda tashkil etilayotgan ishlar bilan tanishdi. Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari, tez-tibbiy yordam maskanlari faoliyati va bozorlarda tatbiq etilayotgan xavfsizlik choralarini o‘rgandi.

Sergeli tumani 3-sonli IIBda tungi navbatchilik smenasi hamda maxsus reydga jalb etilgan “Hamkor” shaxsiy tarkibi xizmati bilan tanishildi.

Ichki ishlar bo‘limiga qarashli ma’muriy hududda joylashgan 13 mahallada jinoyatlarning barvaqt profilaktikasiga qaratilgan ishlar tizimli ravishda amalga oshirilayotgani natijasida hududda kriminogen vaziyat 26 foizga yaxshilangan. Shu bilan birga, “qizil” toifada qolayotgan Mehrigiyo mahallasida muammolarni yangi “ijtimoiy profilaktika” tizimi yordamida hal etish zarurligi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Elektr tarmoqlari korxonasida tashkil etilgan tungi navbatchilik faoliyati, yuzaga kelgan elektr ta’minotidagi nosozliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ko‘zdan kechirildi. Korxonada zarur uskuna va elektr jihozlari zaxirasini yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.

Milliy gvardiyaning Sergeli tumani qo‘riqlash bo‘limi faoliyati o‘rganildi. Ishchi guruhga hududda korxonalar, shaxsiy xonadonlar hamda o‘quv maskanlarini qo‘riqlash tizimiga ulangani, videokuzatuv qamrovi kengaytirilgani hamda xodimlarning “tashvish” signali bo‘yicha maxsus o‘quv-taktik mashg‘uloti va harakatlar rejasi namoyish etildi.

Yangihayot tumani 2-sonli IIBning tungi xizmatga jalb etilgan shaxsiy tarkibi xizmati bilan tanishish asnosida hududda joylashgan 7 mahallada kriminogen vaziyatning barqarorligi ta’minlangani ta’kidlandi.

Mazkur ijobiy tajribani boshqa tumanlarga tatbiq etish, bunda huquq-tartibot idoralari xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida kriminogen og‘ir mahallalarga tungi navbatchilikka jalb etilgan zarur kuch va vositalar taqsimlanib, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, aniqlangan muammolarini joyida bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Ishchi guruh tomonidan Bektemir tumani 4-son IIBda shaxsiy tarkibning xizmat jarayoni ham o‘rganildi. Bektemir tumanida sodir etilayotgan jinoyatlar soni 7,5 foizga kamayishiga erishilgan bo‘lsa-da, ularning ayrim turlari oshib ketishiga yo‘l qo‘yilgani qattiq tanqid qilindi.

Tumanda kriminogen vaziyatni jilovlash maqsadida tungi vaqtda mahallalarda huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish, hisobda turgan shaxslar, notinch oilalar hamda uyushmagan yoshlar bilan “xonadonbay” va “fuqarobay” ish tashkil etish zarurligi qayd etildi. Yo‘llarda osoyishtalik, piyodalar xavfsizligini ta’minlash hamda jinoyatlarning sabab va omillarini tizimli va ilmiy tahlillar orqali aniqlab, kelgusida ularning barvaqt oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bektemir tumanida joylashgan “Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori”da tatbiq etilayotgan xavfsizlik choralari o‘rganildi. Aholi va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, hududda jamoat tartibini saqlashga biriktirilgan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining faoliyati ko‘rib chiqildi. Tadbir jarayonida asosiy e’tibor xizmatni tizimli ravishda mas’uliyat va hushyorlik bilan tashkil etishga qaratilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan o‘rganish ishlari boshqa tumanlarda ham davom etmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA