Bojxona organlari tomonidan mahalliy va xorijiy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, ularning ichki hamda tashqi bozordagi faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish maqsadida doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Namangan viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Umidjon Qodirov Uychi tumanida amalga oshirilayotgan quvvati 100 MVt (200 MVt/soat) bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini barpo etish investitsion loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Mazkur yirik loyiha doirasida 110 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, mintaqaning energetik barqarorligini ta’minlash va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida zarur uskunalarning import qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki, hisob-kitoblarga ko‘ra, bu jihozlarni olib kirish jarayonida davlat byudjetiga taxminan 45 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari undirilishi kutilmoqda.

Uchrashuv davomida, bojxona rasmiylashtiruvlarining belgilangan tartibda amalga oshirilishi hamda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Bojxona boshqarmasi boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruhining mahalliy ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkillangan o‘rganishlari “Tehno Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyatda ham samarali tarzda kechdi.

Eksportyor korxona tomonidan 2025 yil davomida xorijiy mamlakatlardan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun qiymati 317 ming dollarga teng 68 tonna xomashyo olib kelingan. Muloqotda mutaxassislar tomonidan jamiyat vakillariga bojxona hududida qayta ishlash rejimi va vakolatli iqtisodiy operator maqomining qulayliklari, bojxona qiymatini aniqlash, tovarlarni o‘z omborida joylashtirish tartiblari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2025 yil 17 dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Mazkur hujjat bilan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan yengillik va qulayliklar, tashqi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangiliklar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Ishbilarmonlar huzurida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan bunday amaliy muloqotlar bojxona xizmati tomonidan tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan xizmatlarni takomillashtirish va xorijiy investorlar bilan samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.