Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ISHCHI GURUH: Gazli hududidagi uglevodorodlarni qazib chiqarish va geologiya qidiruv ishlari holati o‘rganildi
10:15 / 2021-06-20

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘lib, tabiiy gaz qazib chiqarilishi bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarni bajarish uchun amalga oshirilayotgan geologik–texnik tadbirlar holatini o‘rgandi.

Boshqaruv raisi boshchiligida  2021 yil yanvar-iyun oylarida uglevodorodlarni qazib chiqarish ko‘rsatkichlari bajarilishi, geologik qidiruv ishlari va erishilgan natijalar, quduqlarini burg‘ilash va quduqlarni mukammal ta’mirlash ishlari bo‘yicha tahliliy-tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masala 2021 yil II choragida va 2021 yil davomida tabiiy gaz va gaz kondensati qazib chiqarish reja ko‘rsatkichlarini o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarish, bu borada rejalashtirilgan geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish, geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish bo‘ldi.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari Xislat Nazirov tabiiy gaz qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlash, kunlik gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish borasida qilinayotgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.

Kon boshliqlari bilan birgalikda 1-yarim yillik hamda 2021 yil uchun tabiiy gaz qazib olish prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanilayotganini ta’kidladi va tabiiy gaz qazib olish nazoratini kuchaytirish maqsadida kon boshliqlari doimiy faoliyat olib borayotganini aytib o‘tdi.

Boshqaruv raisi “O‘rtaqum” gazni birlamchi tayyorlash qurilmasini ishga tushirgandan so‘ng “Andaqli”, “Shorqum”, “O‘rtaqum”, “Shimoliy Suzma” va “Chakkaqum” konlaridan qazib olinadigan tabiiy gaz xomashyosinining sarfi aniqlanishi va kelgusida “Andaqli” koni gaz kollektorini kengaytirish bo‘yicha takliflar loyiha institutlari bilan o‘rganilishi bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, “O‘zLITIneftgaz” AJ tomonidan “O‘rtaqum”, “Savatli”, “Kulbeshkak” va “Doyaxatin” konlarida qurilishi rejalashtirilgan ob’ektlarini loyiha-smeta hujjatlarini bir oy muddatda ishlab chiqilishi belgilandi.

Boshqaruv raisi Gazlidagi aloqa va axborotlashtirish ishlarini keskin tanqid qildi va “O‘zbekneftgaz” AJning Axborot kommunikatsiya texnologiyalari departamenti boshqarmaga qarashli barcha konlarda bir oy muddatda sifatli aloqa tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, barcha konlarda mobil telefon aloqasini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi Gazli regionida o‘g‘irliklar va talon-tarojliklarni oldini olish, gaz kondensati o‘g‘irliklarini oldini olish uchun faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining faoliyati bilan tanishib chiqdi.

Yaratilgan sharoit o‘rganildi, qo‘riqlash xizmatini yanada kuchaytirish bo‘yicha fikr almashildi va takliflar tinglandi. “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

Boshqaruv raisi Gazli regionidagi tabiiy gaz qazib chiqarish holatini o‘rganish maqsadida “O‘rtaqum” konidagi 3- sonli Gazni birlamchi tayyorlash qurilmasi qurilish qurilish maydonida bo‘ldi.

Qurilish ishlarini sifatli olib borish hamda uni mukammal yakunlash bo‘yicha takliflar berildi.

“Andaqli” koniga tashrif buyurgan ishchi guruh a’zolari ishchi-xodimlarning yashash hamda ishlash sharoitlarini o‘rgandi.

Boshqaruv raisi burg‘ilash ishlari olib borilayotgan 15-sonli quduqda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbatlashib, ularning muammolari va yaratib berilgan sharoitlarning qoniqarli yoki qoniqarsizligi bo‘yicha suhbatlashdi.

Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha joyida hal qilish maqsadida topshiriqlar berildi.

Shu kunning burg‘ilash ishlari borasida amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqqan holda o‘rganildi hamda “Sho‘rqum” konidagi 4-sonli quduqdagi burg‘ilash ishlarida qatnashayotgan ishchilar bilan belgilangan vazifaning qay darajada bajarilayotgani muhokamasi o‘tkazildi.

Burg‘ilash jarayonida zarur bo‘lgan texnik jihozlarning mavjudligi, zarur vositalarning yetkazib kelinayotgani, ishni tezroq tugallash holati o‘rganildi.

Boshqaruv raisi burg‘ilash ishlarini tezroq tugatish va tabiiy gaz qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

O‘rganish yakunida olti oylik yakunlari bilan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi uchun belgilangan vazifalarni va rejani so‘zsiz bajarish kerakligi, bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘yganlarga intizomiy jazo choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati