Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Respublika ishchi guruhi Xorazm viloyati Xonqa tumani Durgadik mahallasida ommaviy qabul o‘tkazdi.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bilan muloqotlar natijasida surishtiruv yo dastlabki tergov harakatlaridan norozi 63 nafar murojaatchining masalasi hal etildi. 12 nafar sobiq xodim yana tizimga ishga tiklandi.

– Bundan roppa-rosa 16 yil oldin xuddi mana shu kuni bizni nohaq tuhmat orqali qamoqqa olishgan edi, –deydi IIB xodimi Xudoyshukur Qurbonov. – Adolat, haqiqat bor ekan. Yaqinda sudda oqlandik bugun esa ichki ishlar vaziri bizni yana qayta ishga tikladi. O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman.

Shuningdek, Ichki ishlar vaziri tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning muammolari ijobiy hal etilib, 80 nafar ehtiyojmand oilalarning murojaatlari asosida 231 million so‘m moddiy yordam, shu jumladan, oliy o‘quv yurtlarida o‘qib shartnoma-to‘lov pulini to‘lashga qiynalgan 44 nafar yoshlarga jami 145 million so‘m pul, 4 nafar fuqaroga nogironlar aravachalari va eshitish moslamasi hamda aholi bandligini ta’minlash maqsadida 16 nafar fuqarolarga subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi. Turli sohalarda hunar va bilimga ega bo‘lgan, daromad topishga qodir, ammo moddiy ko‘makka ehtiyoji bor fuqarolarning 24 nafariga motoroller va motokultivatorlar, o‘simliklarga dori sepish hamda o‘t o‘rish apparatlari, kompyuter jamlanmasi, pishiriq pechlari va duradgorlik dastgohlari ajratib berildi.

Davlatimiz rahbari farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan yurtdoshlarimizning 4 nafariga ID kartalar topshirildi.
Xivalik Odilbek Xudoyberganov oilaviy korxonasi uchun olgan 2 milliard 179 million so‘m kreditni to‘layotgan bo‘lsa-da, bank va ta’minotchi xorijdan qo‘lqop ishlab chiqarish uskunalarini to‘liq yetkazib bermaganidan shikoyat qildi. Murojaatdan so‘ng mazkur masala Bosh prokuratura nazoratiga olindi.

Qabul jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan jami 364 nafar fuqarolar qabul qilindi. Qoraqalpog‘istonlik Shaydo Nuraliyeva avvalgi murojaatlari asosida kuni kecha turmush o‘rtog‘i Husniddin Nuraliyevga oqlov hukmi chiqarilgani uchun Oliy sud mas’ullariga minnatdorlik bildirdi.

– Mamlakatimizda qonun ustuvorligi ta’minlanayotganini mana shu holatda juda sezdim, – Shaydo Nuraliyeva. – Erimga bo‘lgan nohaqlikni yuzaga chiqarish uchun Olti yildan buyon sarson bo‘lib yurgan edik. Mana bugun o‘sha haqiqat qaror topdi. Prezidentimizga, oliy sud rahbariga oilamiz nomidan minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Soliq qo‘mitasi mas’ullariga murojaatidan so‘ng urganchlik tadbirkor Oybek Bekchanovga noto‘g‘ri hisoblangan 1 milliard so‘mdan ziyod qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladigan bo‘ldi.

– Bizning korxonamiz yiliga 30 ming tonna chigitni qayta ishlab yog‘ va omixta yem mahsulotlarini ishlab chiqaradi, – dedi tadbirkor Oybek Bekchanov. – Yaqinda xorijdan 19 yuk tashish transportlarini sotib oldim. Kontragentlarimning soliq bilan muammolari borligi tufayli men ham soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga tushib qoldim. Natijada qo‘shilgan qiymat solig‘idan menga qaytarilishi belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i mablag‘lari qaytmadi. Men bugun Soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari qabulida bo‘ldim va ular mening soliq to‘lovchi sifatida tariximni o‘rgandi. Menga o‘sha mablag‘ bir kunning o‘zida qaytarib beriladigan bo‘ldi. Juda xursandman.

Ommaviy qabulda ko‘rib chiqilgan 1 ming 164 masalaning 331tasi joyida hal qilinib, 262 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 571 murojaat nazoratga olindi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA