Buxoroda Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi ishchi guruhi Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini o‘rgandi.
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputatlari — Fuqarolarning sog‘ligini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zolari Zumrad Bekatova va Mavludaxon Adxamjonova, Qonunchilik Palatasi devoni davlat byudjeti boshqarmasi sektor mudiri Sherzod Hasanovlar boshchiligidagi ishchi guruhlari joylardagi mavjud holatlar bo‘yicha axborot to‘plash hamda kerakli amaliy yordamni tashkillashtirishda alohida faollik ko‘rsatdi. Tegishli yo‘nalish bo‘yicha viloyatda amalga oshirilgan ishlar batafsil o‘rganildi.

Ishchi guruh a’zolari viloyatda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatga haqqoniy va qoniqarli baho bergan holda viloyat markazidagi Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, 4-son oilaviy poliklinikasida aholi sog‘ligini saqlashga doir Prezident farmonlari va qarorlarining ijrosi bo‘yicha namunali ishlar yo‘lga qo‘yilganligini e’tirof etdi. Shu qatorda sohada e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar ham borligi ta’kidlandi.
Oliy Majlis vakillari, shuningdek, viloyatning olis hududlaridagi aholi bilan ham uchrashib, ularga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati qay darajada ko‘rsatilayotgani bilan ham qiziqdi. Jumladan, G‘ijduvon tumaniga qarashli, olis cho‘l hududidagi “Ko‘kcha” MFY ga qarashli Og‘itma ovulida bo‘lib, bu yerdagi ahvol bilan yaqindan tanishishdi.
Viloyat markazidan 180 kilometr uzoqlikda joylashgan va og‘ir hududlardan biri hisoblangan ovulda bugunga kunda 51 ta xonadon mavjud. 195 nafar qozoq millatiga mansub aholi yashaydi. Viloyat hokimligi sa’y-harakati bilan asosan qozoq millatiga mansub cho‘lquvarlarga sifatli va arzon mahsulotlar, kundalik zarur oziq-ovqat, uy-ro‘zg‘or buyumlari, maishiy jihozlar muntazam yetkazib berilmoqda. O‘z navbatida, aholini qiynayotgan muammolar yechimiga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Hudud infratuzilmasini yaxshilash, elektr energiyasi, tabiiy gaz, toza ichimlik suv kabi zarur hayotiy manbalar bilan ta’minlashda muayyan ishlar bajarilganini ko‘rish mumkin.
Hududda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida hukumatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar samarasi o‘laroq, Og‘itma ovulida yashovchi Nazerke Madjitova Buxoro tibbiyot institutining talabasi bo‘ldi. Albatta, yosh mutaxassis sifatida u kelgusida ovul aholisi salomatligiga mas’ul shifokorlardan biri bo‘lib yetishadi.

Shuningdek, ovulda bir necha yildirki, to‘planib qolgan 300 tonna atrofidagi axlat va maishiy chiqindilar maxsus texnikalar vositasida bartaraf etilgani ham bu yerda istiqomat qilayotgan aholi uchun ko‘pdan kutilgan ish bo‘ldi. Ishchi guruhi a’zolari ovulda istiqomat qilayotgan aholi xonadonlarida bo‘lib, ular turmush tarzi, o‘y-tashvishlari, muammolari bilan yaqindan tanishishdi. Tibbiy yoki sanitariya xizmatiga aloqador ba’zi murojaatlarga esa shu yerning o‘zida yechim izlandi.
Zarif Komilov, O‘zA