Jizzax viloyatida keyingi paytda ijtimoiy sohadagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonlarda Bosh prokuror o‘rinbosari Isroil Adhamov boshchiligidagi ishchi guruhining o‘rganishlari nafaqat vazifalar bajarilishini baholash, balki amaliy natijalarni ko‘rish, zarur o‘rinlarda tizimli muammolarga barham berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ishchi guruh joylarda bir qator yo‘nalishlardagi ishlar bilan tanishib, joylardagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Mas’ullar avvalo Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialida bo‘lishib, tibbiyot muassasasidagi xizmat sifati va raqamlashtirish jarayonlarini o‘rgandi. Ayrim tartib-nazorat ishlarining sustligi kabi uchrab turadigan kamchiliklar tilga olindi va ularni tezkor bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Jizzax shahar Mirzo Ulug‘bek mahallasini ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ishtirok etishi ham aholining yashash muhitiga e’tibor kuchayganini ko‘rsatdi.

Ijtimoiy muhofaza bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Obod” MFY dagi Sharof Rashidov nomidagi to‘qimachilik kombinatida ishchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar ko‘rib chiqildi. Ayrim ishchi oilalarda moddiy ta’minotning barqaror emasligi ham qayd etildi.
Shahardagi “Tinchlik” MFY da yashovchi ehtiyojmand oilalar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ular uchun tuzilgan individual rejalarning amaliy samarasi tahlil qilindi. Ijtimoiy shartnoma mexanizmlarini yanada shaffof va manzilli qilish yuzasidan mas’ullarga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Zomin tumanidagi “Artel Electronics Zomin” MCHJ hududida tashkil etilgan mehnat yarmarkasi esa aholining bandligini ta’minlash borasida muhim amaliyot bo‘ldi. 7 ming ish o‘rniga ega zavodning sanoat parkida mahalliy ishlab chiqarish zanjiri shakllantirilayotgani hudud iqtisodiyoti uchun katta qadam sanaladi. Biroq yarmarkada ish izlovchilarning malaka muvofiqligi masalasida aniqlanmagan muammolar ham kuzatildi. Bu esa kasb-hunar o‘quv markazlari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi.

Maktabgacha ta’lim tizimidagi holatlar ham o‘rganilib, Yangiobod tumanidagi 11-sonli DMTTda bolalar ovqatlanishi, raqamlashtirish, autsorsing xizmatlari sifati kabi masalalar muhokama qilindi. Inklyuziv ta’limda hali yetarlicha tajriba yo‘qligi, ayrim jarayonlarning qotib qolgan uslubda davom etishi bo‘yicha ham amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tavsiyalar berildi.

Shu tumandagi ehtiyojmand oilalarga ajratilgan mablag‘larni maqsadli sarflash masalasi o‘rganilganda esa bu yo‘nalishda nazoratni kuchaytirishga zarurat borligi alohida qayd etildi.
Eng muhimi, o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yashirin qolmasdan, ularni bartaraf etish uchun manzilli vazifalar yuklatilayotgani o‘rganishlarning samaradorligini ta’minlaydi. Bu esa islohotlar sur’atining izchil, natijalarning esa aholi kundalik hayotida sezilarli yaxshilanish bo‘lishiga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari