Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishbilarmonlik: o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,3 foiz o‘sish bor
16:22 / 2023-02-14

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili har oyda tezkor ma’lumotlar asosida hisoblab chiqiladi. Bu respublikaning barcha sohalari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring, ma’lumotlar asosida tayyorlanadi.

Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning yanvar oyida respublika soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,3 foizga oshgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi Muhammadjon Rashidov ma’lum qildi. Shuningdek, mutaxassis quyidagilarni ham aytib berdi:

– Jizzax (47,9 foiz), Navoiy (29,4 foiz), Samarqand (27,1 foiz), Andijon (19,0 foiz) va Toshkent (18,6 foiz) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (19,7 foiz) hamda Toshkent shahrida (28,7 foiz) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda 2023 yil 1 yanvardan boshlab QQS stavkasining 15 foizdan 12 foizga tushirilishi va ob-havo inqirozi, yanvar oyining o‘rtalarida ob-havo keskin sovib ketgani tufayli ishlab chiqarish ob’ektlarida elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlarga qaramay soliq tushumlari o‘rtacha darajada oshdi.

Bundan tashqari, soliq tushumlari manbalari bo‘yicha QQS 20, daromad solig‘i tushumlari 15, mol-mulk solig‘i 37, yer solig‘i 38 foizga oshdi. Bu esa oy oxirigacha o‘rtacha o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi.

Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2022 yilning shu davriga nisbatan 28,9 foizga oshdi. Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Surxondaryo (73,9 foiz), Samarqand (43,1foiz), Toshkent (34,2 foiz), Namangan (34,0 foiz) va Farg‘ona (10,9 foiz) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (73,8 foiz) hamda Toshkent shahrida (59,5 foiz) kuzatildi.

Bojxona to‘lovlaridan tushadigan daromadlarning o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar 2023 yil yanvar oyida importning o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,3 foizga o‘sishi bo‘ldi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 31 yanvarga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6 foizga pasaygan. Eksportning sezilarli kamayishi Surxondaryo (-40,1foiz), Buxoro (-27,8foiz), Jizzax (-19,3foiz), Toshkent (17,8 foiz), Namangan (9,8 foiz), Samarqand (9,3 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (-41,2 foiz) kuzatildi.

Eksport hajmining kamayishi Surxondaryo viloyatida ip-kalava va to‘qimachilik mahsulotlari eksporti, Buxoro viloyatida – paxta tolasining ichki bozorga yo‘nalishi, Jizzax, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ip-kalava eksporti, Toshkent viloyatida metall va undan tayyorlangan mahsulotlar, Samarqand viloyatida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti kamaygani, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa plastmassa va ip-kalava eksporti hajmi qisqarganida kuzatildi.

Eksportning sezilarli o‘sishi Navoiy (70,5 foiz), Sirdaryo (55,5 foiz), Xorazm (23,6 foiz), Andijon (9,2 foiz), Qashqadaryo (7,6 foiz) viloyatlari va Toshkent (5,7foiz) shahrida kuzatildi.

O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyoviy moddalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari oshgani bilan izohlanadi.

Hisobot davrida tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,8 foizga oshdi. Kreditlar berish hajmi Toshkent(102,3 foiz), Sirdaryo (73,5 foiz), Xorazm (71,4 foiz), Farg‘ona (44,6 foiz) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (17,8 foiz) va Toshkent shaharida (32,7 foiz) sezilarli darajada oshgani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida amalga oshirilgan bitimlar hajmi 32,1 foizga o‘sdi. Birja faoliyatining sezilarli o‘sishi Qashqadaryo (93,2 foiz), Sirdaryo (86,2 foiz), Samarqand (67,0 foiz), Xorazm (62,8 foiz) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (68,2 foiz) va Toshkent (28,5foiz) shahrida kuzatildi.

Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishiga suyultirilgan gaz, mineral o‘g‘itlar, texnik chigit, avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, qurilish va xo‘jalik materiallari, o‘simlik yog‘i, bug‘doy uni, bug‘doy, shakar, paxta tolasi, qora va rangli metallar, polietilen va boshqa mahsulotlar savdosining ko‘payishi hisobidan erishilgan.

Tahlil qilinayotgan davrda 6046 ta yangi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tashkil etilib, ularning eng ko‘pi Farg‘ona (553), Toshkent (513), Samarqand (469), Xorazm (453), Buxoro (402) viloyatlari va Toshkent shahrida (1362) ro‘yxatga olingan.

Markaz tomonidan monitoring va tahlil ishlari davom ettirilmoqda.

B.MELIQULOVA, O‘zA