Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, uning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash hamda davlat organlarining noqonuniy aralashuvini cheklash O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sog‘lom raqobatni ta’minlash va xususiy sektor faolligini oshirishda ochiq muloqot, samarali institutsional mexanizmlar hamda xalqaro tajribani o‘rganish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan bugun Toshkent shahrida “Davlat organlarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvini oldini olish” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijiy tashkilotlar, davlat organlari mas’ullari, xalqaro moliya institutlari, sohaviy mutaxassislar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu tadbir chinakam tadbirkorlik sohasidagi mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.
Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rais o‘rinbosari Farrux Karabayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari Jamshid Urunov, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi Bobur Bekmurodov, Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya va boshqa spikerlar ma’ruza qilib, tadbirkorlik faoliyatiga davlat organlarining noqonuniy aralashuvini oldini olish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va raqobat muhitini himoya qilish masalalari bugungi kunda strategik ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.
[gallery-27365]
Shuningdek, anjuman doirasida xalqaro tajriba, samarali institutsional mexanizmlar hamda davlat nazorati va tekshiruv jarayonlariga raqamli yechimlarni joriy etish orqali shaffoflikni ta’minlash masalalari keng muhokama qilindi. Qayd etilganidek, raqamlashtirish inson omilini kamaytirish, tadbirkorlar uchun teng shart-sharoit yaratish va korrupsiya xavflarini qisqartirishda muhim vosita hisoblanadi.
Anjuman doirasida “Tadbirkorlik faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini cheklash - institutsional mexanizmlar”, “Biznes uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish”, “Tekshiruv va nazorat jarayonlarida raqamli yechimlar va shaffoflikni ta’minlash” mavzularida panel sessiyalar o‘tkazildi. Ularda ishtirokchilar tomonidan aniq taklif va tashabbuslar ilgari surilib, tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bildirildi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur xalqaro anjuman O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, davlat organlari faoliyatida qonuniylik va ochiqlikni ta’minlash, shuningdek, raqobat siyosatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday muloqot maydonlari tadbirkorlik sub’ektlarining ishonchini mustahkamlash, iqtisodiy islohotlarning samaradorligini oshirish va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA