Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash ishiga baho berildi
14:10 / 2023-08-30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi oraliq majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda yetakchi xorijiy investitsiya kompaniyalari, diplomatik missiyalar, vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.  

O‘zbekistonda investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonidagi amaliy jihatlar muhokama qilingan tadbir doirasida jahon bozorida ro‘y berayotgan tendensiya va yo‘nalishlar ham tahlil qilindi. Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasidagi umumiy sa’y-harakatga baho berildi.  

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos, shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va “PwC Uzbekistan” vakillari O‘zbekiston investitsiya muhitini izchil yaxshilab borish, tizimli tahlil natijasi asosida sarmoyadorlar uchun yangi imtiyoz, preferensiyalar joriy qilish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini kuchaytirish, jamiyatda investor va tadbirkorlar manfaati yuqori darajada hurmat qilinadigan o‘zaro munosabat madaniyatini shakllantirishga qat’iy intilayotganini tasdiqlashdi.  

Ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda investitsiya tanqisligi darajasi ortib borayotgan bir paytda, respublikamizda olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, investitsiya muhiti, ilg‘or savdo siyosati mamlakatimizning istiqbolli sarmoyadorlar uchun jozibador manzil sifatidagi maqomini yanada oshirmoqda.  

Yig‘ilish davomida investitsiya qonunchiligini takomillashtirish, xususiylashtirish jarayonini faollashtirish, davlat-xususiy sherikligini rag‘batlantirish, “yashil” iqtisodiyot tashabbusini yanada ilgari surish borasidagi sa’y-harakatni kuchaytirish zarurligiga ham alohida e’tibor qaratildi.  

Shuningdek, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish bo‘yicha ish faollashgani, bu ham jahon standarti va xalqaro hamkorlik etikasiga sodiqlik ramzi ekani qayd etildi.  

Tashqi siyosatning ochiqligi, savdo imtiyozi faol joriy etilishi O‘zbekiston diversifikatsiyalashgan va barqaror iqtisodiy konsepsiyani hayotga tatbiq etayotgan mamlakat sifatida tan olinishiga hissa qo‘shayotgani e’tirof etildi.  

Sessiya davomida “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonunning amaliy jihati, soliq ma’murchiligidagi ijobiy yangiliklar, investorlar bilan ishlash bo‘yicha “Yagona elektron darcha” platformasini joriy etish masalalari ham ko‘tarildi. “Toshkent” xalqaro moliya markazi loyihasi taqdim etildi.  

O‘zA