Bugun mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholining ish bilan bandligini ta’minlanishi bilan bir qatorda, iqtisodiy farovonlikning muhim mezoniga aylanmoqda.
Ayniqsa, bu borada hududlarda ishbilarmonlik muhitini keng targ‘ib qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash moliya muassasalari qatori, banklar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklamoqda. Ya’ni, yurtdoshlarimizning biznes g‘oyalarini amalga oshirish borasidagi bilimlarini mustahkamlab, ilg‘or tashabbuslarni hayotga tatbiq etishida faol ishtirok etmoqda.

Xususan, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida “O‘zmilliybank” AJ, “Asakabank” AJ va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan “Ishbilarmonlik markazi” qurib foydalanishga topshirildi. Ma’lumot uchun, markazda 24 ta ish o‘rni yaratiladi.

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri infratuzilma jihatidan tadbirkorlik borasida jozibadorlikka ega hudud sifatida o‘ziga xos ahamiyatga ega. Shu bois mazkur markazda o‘z biznesini tashkil etish va rivojlantirish niyatidagi yoshlar, fuqarolar zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘rgatilib, chet tillari va iqtisodiy bilimlarga o‘qitib boriladi. Shuningdek, biznes vakillari ushbu muassasada joylashgan bank, sug‘urta, notarius, baholash kabi xizmatlardan foydalanishlari mumkin.

Bino jami 4 qavatdan iborat bo‘lib, aholini tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish va hisobchilarni o‘qitish xonalari, kompyuter savodxonligi, ingliz tili kurslari tashkil qilingan. Markazda jami 60 o‘rinli 4 ta o‘quv xonasi, 1 ta 50 o‘rinli anjumanlar zali ham mavjud.
– Yigirma yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Lekin bunaqa markazlar endi ochilayotgani to‘g‘risi, biz tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi Baxtiyor Salohiddinov. – Sababi xususiy klinika ochish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish uchun oylab ovora bo‘lganman. Sug‘urta qilish uchun Ishtixon tumaniga borishga to‘g‘ri kelgan. Hatto Kattaqo‘rg‘onda ham sug‘urta va baholash markazlari bo‘lmagan. Endi esa bitta markazning o‘zida bu tashkilotlardan tashqari bank xizmatlarining ham yo‘lga qo‘yilganligi ishbilarmon uchun juda qulay.

Bir so‘z bilan aytganda, Kattaqo‘rg‘onda ish boshlagan “Ishbilarmonlik markazi” hududda yangi-yangi loyihalar hamda ularning ro‘yobga chiqishi uchun zarur imkoniyat. Qolaversa, bu hududning iqtisodiy infratuzilmasi yanada yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati