Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2025 yil davomidaijobiy saqlanib qoldi
14:19 / 2026-01-19

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 2025 yil davomida mo‘’tadil o‘zgarish xususiyatiga ega bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 9,8 foizga ortdi. Bu esa O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan yil davomida ijobiy saqlanib qolganini anglatadi.

Ma’lumot uchun, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faolligi 4 ta komponent, ya’ni banklararo to‘lov operatsiyalari (mablag‘lar aylanish tezligi), tovar-xom ashyo birjasidagi faollik (Respublika tovar-xom ashyo birjasida asosiy 34 turdagi tovarlar savdosining hajmi), faoliyat ko‘rsatayotgan sub’ektlar soni dinamikasi, yangi turdagi brendlarning ro‘yxatga olinishi orqali baholanadi.

Xususan, Respublika tovar-xom ashyo birjasida asosiy 34 turdagi tovarlar savdosi 2025 yilda jami 85 239,2 mlrd. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan bir yil davomida 17 foizga (12 369,8 mlrd. so‘mga) ortgan.

Ushbu davrda faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni 2026 yil 1 yanvar holatiga 9,4 foizga ortgan (453 545 tadan 496 212 taga). Bunda yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 11 foizga (3 677 tadan 4 083 taga) va kichik korxonalar 12,7 foizga (358 116 tadan 403 767 taga) ortgan bo‘lsa, fermer xo‘jaliklari 3,7 foizga (91 752 tadan 88 362 taga) kamaygan.

Tahlillarga ko‘ra, Respublikada to‘lov operatsiyalari soni 2025 yil davomida 75 742 mingtani tashkil etdi, 2024 yilga nisbatan 1 foizga kamayib (732,2 ming tranzakciyaga) mo‘’tadil darajada qolgan.

To‘lov operatsiyalari Markaziy bankning banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan memorial order hujjatlari, to‘lov topshiriqnomasi, to‘lov talabnomasi, inkassa topshiriqnomasi va akkreditivga arizalar sonining yig‘indisi bilan izohlanadi.

2025 yil davomida yuridik shaxslarning 4 629 ta yangi tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 6,4 foizga kamaygan.

Shuningdek, Ishbilarmonlik faolligi indeksi 2025 yil dekabr oyida 1067 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 6,7 foizga hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 22,3 foizga sezilarli darajada ortgan.

2025 yilning dekabr oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan 6,7 foizga ortib, 1067 birlikni tashkil etishi, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisobvaraqlaridagi operatsiyalar soni bo‘yicha komponent 17,9 foizga oshgani, tovar-xomashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 1,3 foizga kamaygani, faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 0,5 foizga ortgani, tovar belgilari bo‘yicha komponent 26,3 foizga oshganiga bog‘liq bo‘lgan.

2025 yil dekabr oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksining barcha hududda o‘tgan oyga nisbatan o‘sishi kuzatilgan. Jumladan, Qashqadaryo (59,9 foiz), Sirdaryo (53,6 ), Surxondaryo (51,9  foiz) va Toshkent viloyatida (49,8  foiz) sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.

2025 yil dekabr oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 7 053,2 mingtani tashkil etdi va 2025 yilning noyabr oyiga nisbatan 
1 075,6 ming tranzaksiyaga (17,9 foiz) ortgan.

2025 yil dekabr oyida respublikaning 14 ta hududida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan oshgan. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (53,7  foiz), Qashqadaryo (45,6  foiz), Surxondaryo (39,2  foiz) va Sirdaryo (36,7  foiz) viloyatlarida sezilarli o‘sish kuzatilgan.

2025 yilning dekabr oyida IFIning birja komponenti 0,9867 birlikni tashkil etdi. Bu esa, ushbu komponentning o‘tgan oyga nisbatan 1,3 foizga kamayganini anglatib, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlarning o‘rtacha hajmi 1,1 foizga ortgani va tuzilgan bitimlar soni 3,8 foizga kamaygani bilan izohlanadi.

Respublika tovar-xom ashyo birjasida tovarlar savdosining umumiy aylanmasi hajmi 2025 yil dekabr oyida 8 071 mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 15,6 foizga ortgan.

Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari bo‘yicha komponent 2025 yil dekabr oyida 1,0047 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,5 foizga ortgan. Bunda 2025 yil dekabr oyida barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni o‘tgan oyga (493 863 birlik) nisbatan2 347 birlikka ortib, 496 212 birlikni tashkil etgan.

Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni esa 22 taga oshgan. Hisobot davrida, kichik korxonalar soni 401 462 tadan 403 767 taga ortgan (2305 ta). Shuningdek, fermer xo‘jaliklari soni 88 340 tadan 88 362 tagacha (22 ta) ortgan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 4 083 tani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 22 taga ortgan.

2025 yil dekabr oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha indeks 1,2627 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 26,3 foizga oshgan. 
2025 yilning dekabr oyida yuridik shaxslar tomonidan 447 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.

Mohigul Qosimova tayyorladi, 

O‘zA