Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi joriy yil iyul oyida 1 ming 160 birlikni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich iyun oyiga nisbatan 16 foizga sezilarli darajada oshgan. Shu bilan birga, Ishbilarmonlik faolligi indeksida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,5 foizlik o‘sish kuzatildi.
Xususan, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisob-varaqalaridagi operatsiyalar soni 12,9 foizga oshgan. Faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 0,8 foizga oshgan. Tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 24,4 foizga oshgan. Tovar belgilari bo‘yicha komponent 52,8 foizga sezilarli darajada oshgan.

Hududlar kesimida Sirdaryo viloyatida eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etilgan. 2024 yil iyun oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksida 13 ta hududda o‘tgan oyga nisbatan o‘sish kuzatilgan. Sirdaryo (63,3 foiz), Namangan (45,2 foiz), Samarqand (43,2 foiz), Jizzax (32,7 foiz) viloyatlari va Toshkent (47,1 foiz) shahrida sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan. Shu bilan birga, ushbu indeks Qashqadaryo (-7,5%) viloyatida pasayishi kuzatilgan.
Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlari bo‘yicha komponent 2024 yil iyul oyida 1,0085 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,8 foizga oshganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham 1,3 foizga mo‘’tadil darajada kamaygan. 2024 yil iyul oyida barcha turdagi faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni o‘tgan oyga (481 039 birlik) nisbatan 5 542 birlikka ortib, 486 581 birlikni tashkil etgan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 7 taga oshgan.
Kichik korxonalar soni 387 ming 138 tadan 392 ming 681 tagacha oshgan. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari soni 90 ming 141 tadan 90 ming 133 taga kamaygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 3 ming 767 tani tashkil etib, 2024 yilning iyun oyiga nisbatan 7 taga oshgan.
Yana bir ma’lumot. 2024 yil iyul oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha indeks 1,5276 birlikni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning iyun oyiga nisbatan 52,8 foizga oshgan. Joriy yilning iyul oyida yuridik shaxslar tomonidan 608 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA