Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ishbilarmonlar yangi loyihalar boshlash arafasida
16:23 / 2025-11-13

Toshkent viloyati mezbonlik qilayotgan “Chegarasiz hamkorlik” shiori ostidagi xalqaro “Great Silk Road Business Cooperation Forum – 2025” biznes-forumi ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Kun tartibiga ko‘ra, tadbir doirasida o‘tkazilgan sohaviy panellar tadbirkorlar uchun aniq biznes yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashish imkonini yaratdi.

Ular orasida sanoat va energetika – qo‘shma ishlab chiqarish va “yashil energiya” loyihalari, agrosanoat va oziq-ovqat xavfsizligi – agrotexnoparklar, qayta ishlash va eksport zanjirlari, transport va logistika – transmilliy yo‘nalishlar va mintaqaviy savdoni jadallashtirish, IT va FinTech – raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va moliyaviy integratsiya kabi yo‘nalishlar ishtirokchilar uchun manfaatli bo‘ldi. Mazkur jarayonlar haqida ishtirokchilarning fikrlari bilan qiziqdik. 

Yilmaz Okuklu, “Turk savdo markazi” savdo uyi rahbari: (Ozarbayjon) 

– O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari nafaqat qardosh xalqlar, balki yil sayin bir-biriga iqtisodiy istiqbolli sherik bo‘lmoqda. Bu ikki davlat rahbarlarining hamkorlikda olib borayotgan oqilona siyosati natijasidir. Buning natijasida o‘zbek tadbirkorlarining Ozarbayjondagi bozorlarga ham mahsulot eksporti va biznes aloqalari kengaydi. Ikki tomonlama manfaatli shartnomalar qilinyapti. Birgina misol sifatida joriy yil iyul oyida Boku shahrida “Turk savdo markazi” savdo uyida “Made in Uzbekistan” brendi ostida doimiy faoliyat yuritadigan shou-rum ochildi. 1 ming 500 metr maydonda ish boshlagan ushbu tashabbus orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektrotexnika, charm mahsulotlari, qurilish va mebel jihozlari namoyish etilmoqda. Endilikda Markaziy Osiyoda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Turkiya va Yevropa davlatlariga yetkazib berish bilan ham shug‘ullanamiz. Bugungi forum doirasida tadbirkorlarga shu imkoniyatlarimizni taklif qilyapman. 

Hikmatullo Nasrulloyev, “Realsoft” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori: (O‘zbekiston) 

– Yigirma to‘rt yildan beri IT sohasida ish olib boramiz. 300 nafardan ortiq xodimlarimiz bor va hozirgi kunda 7 ta davlatda filiallar faoliyat olib bormoqda. Avvallari tadbirkorlik yo‘nalishidagi loyiha va mahsulotlarni xorij davlatlarida ko‘p bor taqdimot qilgan bo‘lsak ham kutilganidek natijalarga erishmagandik. Mazkur forum bu borada biz kabi tadbirkorlarga yangi imkoniyatlarni taqdim etyapti. Masalan, mamlakatlarning hamkorlik fondlari borligidan bexabar edik. Undan unumli foydalanish orqali yuqori natijalarga erishish mumkin. Qo‘shni mamlakatlarning Savdo-sanoat palatalari mas’ullari mahalliy bozorlarga kiritish va investitsion hamkorlikni amalga oshirish uchun o‘zlari keng sharoit va imkoniyatlarni taklif qilyapti. Biz Kanada, Yevropa va boshqa okeanorti davlatlarida ishni tashkil qilib, ularning hayot tarzi va dunyoqarashi boshqacha bo‘lgani uchun biroz qiynalardik. Biroq tushunib yetdikki, xalqaro miqyosda ish boshlash uchun qo‘shni davlatlarda ham qulayliklar ko‘p ekin. Ularning qadriyatlari, madaniyati bizga yaqin. Shu tufayli mamlakatimizda muvaffaqiyatli ishlayotgan loyihalarni hamkorlarga taklif qilyapmiz. Ishonamanki, bu kelgusida o‘zining ijobiy natijasini beradi. 

Kalыgul Saliyev, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro arbitraj sudi arbitri, advokat: (Qirg‘iz Respublikasi) 

– Mazkur forum qo‘shni davlatlar tadbirkorlarini birlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Biz Qirg‘iz tadbirkorlariga yuridik va konsalting xizmatlarini ko‘rsatamiz. Oxirgi paytlarda bu yo‘nalishlar ham yaxshi rivojlanyapti. Sababi, investitsiya loyihalarining huquqiy va tashkiliy jihatlari puxta bo‘lsa yakunda kutilgan natijaga erishish mumkin. Bundan tashqari, mamlakatimizda yirik Qorasuv bozori bor. U Xitoy va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida o‘zaro tovarlar sotilishida qulay manzildir. Biz aynan shu manzilda tadbirkorlarga ishni to‘g‘ri tashkil etishga ko‘maklashishmiz mumkin. Bugungi forum doirasida ham biz bilan hamkorlik qilmoqchi bo‘lganlarga o‘z takliflarimizni taqdim etamiz.

[gallery-26230]

Forumning ikkinchi kunida ishtirokchilar uchun B2B va B2G formatidagi muzokaralar, innovatsion loyihalar taqdimotlari, hamda “Invest in Uzbekistan” maxsus sessiyasi tashkil etiladi. Unda ishtirokchilar mamlakatdagi sarmoyaviy muhit, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari va davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyozlar bilan tanishadi.

Yakunda esa bir qator amaliy kelishuvlar va hamkorlik memorandumlari imzolanishi kutilmoqda. 

A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.