FOTOREPORTAJ
Nukusda «Ishbilarmon ayol» ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zLiDeP Nukus shahar Kengashi tomonidan tashkil etilgan tanlov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, siyosiy jarayonlarning mazmun-mohiyatini ayollar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, iqtisodiyotimizni yuksaltirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarni rag‘batlantirish maqsadiga qaratilgan.
[gallery-24363]
Ta’kidlash kerak, Kengash bugungi kunda o‘z safida 5 ming 200 dan ziyod xotin-qizni birlashtirgan bo‘lib, ularning iqtisodiy, huquqiy bilimini oshirish, qayta kasbga yo‘naltirish, ish bilan ta’minlash va oilaviy korxonalarni tashkil etish borasida qator xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
“Yangi O‘zbekistonning bunyodkor ayollari” shiori ostida tashkil etilgan “Ishbilarmon ayol-2025” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida mahallalardan saralangan 40 nafarga yaqin ishbilarmon ayol qatnashdi.
- Tanlov ishtirokchilari soni yil sayin ortmoqda, – deydi O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi ayollar muammolarini o‘rganish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mudiri Shahzoda Abdurahmonova. – Quvonarlisi, ular orasida yosh tadbirkor qizlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, yakka tadbirkor Ulbosin Jumamuratova birinchi, «Nukus catering» korxonasi rahbari Kamar Izimbetova ikkinchi, «Leyla collectionn» milliy brendi asoschisi, yosh tadbirkor Leyla Dospanova uchinchi o‘rinni egalladi. Har bir ishtirokchi o‘zining amaliy tajribasi, yaratgan ishlari va erishgan natijalari orqali ijodkorlik va tashabbuskorlik salohiyatini namoyon etdi.
Tadbirda ishtirok etgan barcha ishbilarmon xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA