Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat tashkiloti tomonidan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kichik biznes va tadbirkorlikka keng imkoniyatlar yaratilib, yoshlar va xotin-qizlar uchun bir qator imtiyozlar berilmoqda. Partiya ham ushbu islohotlarga hamohang tarzda tadbirkor ayollarni saralab, kashf etish hamda ularning tajribalarini ommalashtirishga alohida e’tibor qaratgan.

Tanlovda dastlab tadbirkor ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Unda tadbirkor, ishbilarmon, hunarmand, fermer xotin-qizlarning mahsulotlari, milliy yo‘nalishdagi liboslari namoyish etilib, hamkor tashkilotlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashi deputatlaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.

Baholash jarayonida ishtirokchilarning loyiha Nizomiga muvofiq xotin-qizlar uchun qo‘shimcha yangi ish o‘rni yaratganligi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb bo‘yicha o‘qitgan, bandligini ta’minlagan va hayotda o‘z o‘rnini topib ketishida ko‘maklashganligi, ishlab chiqargan mahsulotlariga o‘z brendining mavjudligi, faoliyat turidan kelib chiqib eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish, aholiga ko‘rsatayotgan xizmatining sifati hamda faoliyatida hayotga tatbiq etib kelayotgan yangi innovatsion g‘oyalari, shuningdek, partiya tomonidan o‘tkazilgan seminar va o‘quvlarda ishtirok etib kelayotganligiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Viloyatdagi 11 ta shahar va tumanlardan ishtirokchi qatnashgan tanlov yakunida Karmana tumani vakili - “Karmana Samo yulduzlari”, “Navoiy Sumayya” MCHJ hamda “Davrbek-Davron kelajagi” xususiy korxonalari ta’sischisi Shohista Hikmatova birinchi o‘rinni egalladi.

– Ushbu tanlovda birinchi marta ishtirok etdim, – deydi Sh.Hikmatova. – Faoliyatimni 1999 yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida boshlagan bo‘lsam, bugungi kunga kelib 3 ta korxonaning ta’sischisiga aylandim. Hozirda 2 ta mehmonxonalar tarmog‘i, 3 ta supermarket va 3 ta umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 120 dan ortiq ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatadi. Ayni paytda tuman markazida 3 yulduzli mehmonxona qurilishini boshlab yuborganmiz va mehmonxonaning ishga tushishi natijasida kamida yana 70 ga yaqin kishining bandligi ta’minlanadi. Tanlov davomida o‘zim kabi tadbirkor ayollar bilan tanishdim. Ayrim mahsulotlarni xarid qilish borasida tadbirkorlar bilan shartnomalar imzoladik. Bu tanlov men uchun juda manfaatli, foydali tanlov bo‘ldi.

Tanlovda oilaviy tadbirkorlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik faoliyatida salmoqli yutuqlarga erishib, aholi bandligiga ko‘maklashishda faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh faol tadbirkor ayollar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri