Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi bu yil o‘zgacha tarzda tashkil etildi. Uning dastlabki saralash bosqichi mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida bo‘lib o‘tdi. Bu esa partiyaviy loyihalarni yanada ommalashtirish, O’zLiDePning dasturiy g‘oya va maqsadlarini elektorat, xususan, tadbirkor ayollar orasida keng targ‘ib qilish, shuningdek, boshlovchi soha xodimlari faoliyatini rivojlantirish va ularning mahsulotlarini realizatsiya qilishga ko‘maklashish imkoniyatini bermoqda.
Aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish, xotin-qizlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bugun chekka hududlargacha kirib borib, o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Buxoro viloyatida ham bu borada aniq-manzilli ishlar olib borilmoqda. Dehqon, hunarmand, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan bu yilgi “Ishbilarmon ayol--2024” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichlarida mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi yangidan yangi boshlovchi hamda tajribali ayollardan iborat soha xodimlari aniqlanib, ularning faoliyatini ommalashtirishda ko‘l kelmoqda. E’tiborlisi, ularning ko‘pchiligi O‘zLiDeP a’zolaridan iborat.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan Vobkent tumanning Xayrixush mahallasidagi o‘z-o‘zini band qilgan holda tadbirkorlik, hunarmandchilik, issiqxona xo‘jaligini yo‘lga qo‘ygan ayollar faoliyati yaqindan o‘rganilganda hududdagi 25-umumta’lim maktabining bo‘sh turgan binosini ijaraga olib qo‘ziqorin yetishtirib kelayotgan O.Mo‘minovaning ish faoliyatidan mamnun bo‘ldi.
-- 10-yildirki, shu ish bilan shug‘ullanib kelyapman, -- deydi O.Mo‘minova. -- Qo‘ziqorinning “Veshenka” va “Shampinon” turlarini yetishtirib kelmoqdaman. Savdo do‘konlari, supermarketlar hamda bozorlarda bizning mahsulotga talab yuqori. Har mavsumda 35-40 million so‘mlik naqd foydaga erishyapmiz. Xo‘jaligimizda faoliyat qamrovi kengaytirilib, yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz.

Viloyatning Shofirkon tumanida istiqomat qilayotgan 186 ming nafar aholining 86 ming 200 nafarini ayollar tashkil etadi. Tumanda keyingi paytda ayollar bandligini ta’minlash, ularni shaxsiy daromadlariga ega bo‘lishlari uchun kasanachilikka yo‘naltirish, ularga tomorqa ajratish, xonadonlarida issiqxonalar tashkil etish kabi qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash yo‘lida tumanda olib borilayotgan bunday ishlar o‘zining kutilgan natijasini bermoqda. Erishilgan natijalar esa opa-singillarimizni ko‘zlangan maqsadlari sari dadil yetaklamoqda.
Tumandagi mavjud 50 ta mahallada endilikda ayollar bandligini ta’minlashga erishilgan. Chekka hududlardan birida- “Pattaxon” mahalla fuqarolar yig‘inining Yangiobod qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Qizlarxon Xayrullayeva bundan birmuncha vaqt ilgari “Ayollar daftari” ga kiritilgan edi. Q.Xayrullayeva tadbirkor ayollarga berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan unumli foydalangan holda xonadonidagi tikuvchilik sexini kengaytirgan holda o‘z mahsulotlarini Eron, Arabiston, Xitoy davlatlariga eksport qilishga ham erishmoqda.
--O‘z ish faoliyatimni 11 million so‘mlik kredit asosida boshlagan edim, -- deydi Q.Xayrullayeva. --Tuman bandlik bo‘limiga qilgan murojaatim tufayli 47- umumta’lim maktabining bo‘sh turgan binosiga ega bo‘ldim. Bu yerda monomarkaz tashkil etdim va mahallamdagi ishsiz xotin-qizlarni o‘qitib, ularga tikuvchilik hunarini o‘rgatdim. Hozirgi kunda tijorat banklaridan ajratilgan 100 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga tikuv sexini yanada kengaytirib, 20 dan ortiq tikuv mashinasi, bichish uchun stollar va boshqa zarur asbob-uskunalarni sotib oldim. Bugungi kunda tikuv seximizdagi ishchi-xodimlar soni 40 nafarga yetkazilgan.
Bugungi kunda ma’muriy jihatdan 36 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga bo‘lingan Buxoro tumanida 171 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda.
Birgina “Zarmanoq” mahalla fuqarolar yig‘inida 559 ta xonadon, 728 ta oila umrguzaronlik qilayotgan bo‘lib, ularda jami 3200 nafardan oshiq aholi istiqomat qilmoqda. MFYda hovlisidagi tomorqa yerida ishlab, mashaqqat bilan hosil yetishtirayotgan xo‘jaliklar safi kengaymoqda.
Hududda tomorqa madaniyatini shakllantirayotgan mirishkorlardan biri Shodiya Saidova bo‘lib, o‘z oilasi bilan birgalikda u bir necha yildan beri issiqxonada sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirib sotish, shundan daromad topish bilan shug‘ullanib keladi.
--Hovli etagidagi tomorqaning 3 sotix maydonida issiqxona qurib, peshma-pesh ro‘zg‘orga zarur sabzavot mahsulotlarini yetishtirib kelamiz, --deydi mirishkor xonadon bekasi Shodiya Saidova. --Erta bahordan kartoshka va pomidor, undan keyingi hosilga bodring va bulg‘or qalampiri, avgust-sentyabr oylariga borib sarimsoqpiyoz, ismaloq va turli ko‘katlar ekib yetishtirib, ham ro‘zg‘orni, ham qishloqdoshlar dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqdamiz. Qo‘lga kiritayotgan daromadimizni chamalasak, har oyiga o‘rtacha 8-9 million so‘mdan foyda topyapmiz. Pishiqchilik mavsumida ekin yerimizga qo‘shimcha ishchi kuchi sifatida 3-4 nafar qo‘shni xotin-qizni ham ishga yollaymiz.
Shuningdek, “Kunji qal’a” mahalla fuqarolar yig‘inida xususiy tikuv sexini ochgan tinib-tinchimas, ishbilarmon ayol Umriniso Hamroyevaning faoliyati e’tirofga loyiq. Ayni kunda tirishqoq bu chevar mahallada “Nazokat” tikuv sexini tashkil etib, unda tikuvchilikka ishtiyoqi bo‘lgan 3 nafar ayol uchun daromad manbaini yaratgan.
--Bolaligimdan tikish-bichishga qiziqaman, --deydi Umriniso Hamroyeva. --Shu qiziqish va intilish meni alohida tikuv sexi ochishga undagan. Kichik jamoamiz bilan birgalikda asosan xotin-qizlar kiyim-kechaklarini, buyurtma asosida liboslarni tikib tayyorlab bermoqdamiz. Chevarlarimiz qo‘lidan chiqayotgan bejirim mahsulotlar mijozlarimizga manzur kelayotgani bizga kuch-quvvat beradi. Shu bois, keyingi paytda buyurtma soni sezilarli oshgan. Endilikda faoliyatimizni kengaytirishni, yangi tikuv mashinalarini xarid qilib, bizda ishlovchilar sonini esa 10 nafardan oshirishni ko‘zlab turibmiz.
Shuningdek, “Novmetan” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘z kundalik ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, mahalla hududida “Go‘zallik saloni”ni ochgan tadbirkor ayol Dilnoza Ismatovaning ham izchil faoliyati mahalladoshlariga manzur. U bugungi kunda ayollarga soch turmaklash bo‘yicha namunali xizmat ko‘rsatib, ular ishonchini qozonmoqda. Zero, opa-singillarimiz kundalik ro‘zg‘or va turmush tashvishlari bilan o‘ralashib qolmasdan, balki o‘z tashqi ko‘rinishlariga ham doimiy ravishda e’tibor berishlari zarur, deb hisoblaydigan Dilnoza Ismatova o‘z egallagan kasbini 5 nafar shogirdiga ham sidqidildan o‘rgatmoqda.
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturidagi yurtimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida faol ishtirok etayotgan shijoatli, tashabbuskor xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Ishbilarmon ayol--2024” ko‘rik-tanlovining Peshku tumanidagi mahallalar saralash bosqichi ham namunali o‘tkazilib bir qator peshqadam tadbirkor ayollar mehnatiga munosib baho berildi.
Ulardan biri “Bog‘imuso” mahalla fuqarolar yig‘inining Durman qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Nilufar Jabborova bo‘lib, u tadbirkorlikning matolarga gul bosish hamda tikuvchilik yo‘nalishlarida faoliyat olib bormoqda. Tadbirkor ayol o‘z hunarini mahalladagi ehtiyojmand oila a’zolaridan 2 nafariga ham o‘rgatib, bugungi kunda ularning bandligini ta’minlashga erishdi. Hozir N.Jabborova MFYdagi yana 7 nafar xotin-qizga tikuvchilik sir-asrorlari o‘rgatib, mahalladoshlarining bandligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Hududdagi “Chikirchi” mahalla fuqarolar yig‘ini “Yangibozor” qishlog‘ida yashovchi Dilrabo Safarova 2-guruh nogironi bo‘lishiga qaramasdan turli xildagi dekorativ gullar yasash faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. D.Safarova tomonidan maxsus zarlar bilan tayyorlangan ushbu rang-barang gullar tabiiy ko‘rinishga ega. Mahalladosh ayollarning 2 nafariga gul tayyorlash san’atini o‘rgatib, bugungi kunda ular bilan birga faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, MFYdagi “Ayollar” hamda “Yoshlar” daftariga kiritilgan xotin-qizlarning 10 nafari ham D.Safarova ko‘magida bu hunarni o‘rganishga erishmoqda.
“Yangibozor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Gulsara” ayollar “Go‘zallik saloni”da ham hududdagi 11 nafar ishsiz ayolning bandligi ta’minlangan bo‘lib, ularga malakali ayollar sartaroshi Rushana Kenjayeva sartaroshlik kasbini sidqidildan o‘rgatib kelmoqda.
Aslida, layoqatiga mos kasb-kor bilan shug‘ullanib, tomorqa yoki tikuvchilikdan yaxshi daromad topayotgan ayollarimiz tadbirkor maqomiga munosibdirlar. Qolaversa, ular o‘z ishlarini rivojlantirib, qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etishayotgani tahsinga loyiq.
Darvoqe, shu borada tuman mahallalarida o‘rganishlar olib borayotgan mas’ul ishchi guruh tomonidan yuqoridagi mirishkor tomorqachi va chevarlar “Ishbilarmon ayol -- 2024” ko‘rik-tanlovining quyi bosqichida qatnashish huquqiga tavsiya qilingan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri