Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ishbilarmon ayollar” respublika forumi o‘tkazildi
16:13 / 2025-11-20

Bugun o‘zbek ayollari nafaqat oilada, balki davlat va jamiyat hayotining barcha jabhasida, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida, tadbirkorlik va kichik biznes sohasida ham faollik ko‘rsatib kelmoqda. Bu mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning biznes salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasidir. Xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar, grantlar taqdim etilayotgani, ta’lim va maslahat dasturlari orqali ularning tadbirkorligi keng qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tiborga molik.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda shaharlarda xususiy firmalarning 15 foizi, qishloq hududlarida esa 7 foizi ayollar rahbarligida faoliyat yuritmoqda, yakka tartibdagi tadbirkorlar orasida xotin-qizlar ulushi 40 foizga yaqinlashgan.  

19 noyabr — Xalqaro tadbirkor ayollar kuni munosabati bilan O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan “Ishbilarmon ayollar” respublika forumi o‘tkazildi. Forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, tadbirkor xotin-qizlar ishtirok etdi.

Tadbirda partiya tashabbusi bilan 2016 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” respublika ko‘rik-tanlovining amaliy natijalari sarhisob qilindi. Ta’kidlanganidek, 10 yildan buyon tashkil qilib kelinayotgan mazkur loyiha doirasida 60 mingdan ortiq xotin-qizlar qamrab olindi, 20 mingga yaqin tadbirkor va fermer ayollar o‘z mahsulotlari bilan ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. Mazkur forum xotin-qizlarning iqtisodiy salohiyatini kuchaytirish, biznes yuritishdagi muammo va takliflarini muhokama qilish, ularni siyosiy jarayonlarga yanada faol jalb etishga xizmat qiladigan muloqot maydoni bo‘ldi.

Forumda qayd etilganidek, ushbu loyiha xotin-qizlarning iqtisodiyot va jamiyatdagi o‘rni hamda nufuzini yanada oshirish, ularning muammo va tashabbuslarini eshitish, yangi hamkorlik platformalarini yaratishga xizmat qiladi. Tadbirlar doirasidagi ochiq muloqotlar va amaliy muhokamalar esa mamlakatda ayollar tadbirkorligiga ko‘mak berishning yangi yo‘nalish va yechimlarini ishlab chiqishda muhim omil bo‘ladi.

Loyiha doirasida iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi tadbirkor ayollar o‘z tajribalari, muvaffaqiyatlari va innovatsion yondashuvlari bilan ishtirokchilarga mahorat darslari o‘tkazdi. Tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy taklif va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA