Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi “Davlatobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy uchrashuv tashkil etildi. Tadbir mahallada faoliyat yuritayotgan ishbilarmon ayollar faoliyatini o‘rganish, ularning yutuqlari va muammolarini tinglash maqsadida o‘tkazildi.
Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimova, shuningdek O‘zLiDeP ning Yangiyer shahar Kengashi vakillari ishtirok etdilar. Ular tadbirkor ayollar bilan muloqot qilib, ishlab chiqarish jarayonlari, yaratilgan ish o‘rinlari, mahsulotlarni bozorga chiqarish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor Xolisa Oqmirzayevaning ish jarayoni ko‘zdan kechirildi. U tayyorlayotgan mahsulotlarini shahar ichki bozoriga yetkazib bermoqda va bir nechta xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlagan. Bu esa mahallada ayollar bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muloqot chog‘ida xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, imtiyozli kreditlar va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida fikr almashildi. Qayd etilganidek, ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish orqali jamiyat farovonligiga erishishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri