Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlab “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Ishbilarmon ayol-2025” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Hududlarda mamlakatimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida tadbirkor va fermer ayol-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy –iqtisodiy, siyosiy islohotlar mohiyatini ayollar o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan O’zLiDeP “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining o‘z o‘rni bor.

Sifatli mahsulotlari va ishlanmalari bilan e’tiborga sazovor bo‘lib kelayotgan xotin-qizlarni aniqlash, sohaning yangi iqtidorli vakillarini kashf qilish, ularni partiya safiga jalb etish, o‘z navbatida O’zLiDePning kadrlar zaxirasini yanada kengaytirish imkonini bermoqda.
Tanlovning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tashabbusi va sa’y-harakati bilan keyingi paytda mamlakatimizda xotin-qizlarga oid davlat siyosati tamomila yangi bosqichga olib chiqilganligi, ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama ko‘mak berishga qaratilgan islohotlar bugun minglab xotin-qizlar, jumladan, bugungi tanlovda qatnashayotgan ishbilarmon ayollar qalbida ham ishonch, shijoat va minnatdorlik tuyg‘ularini uyg‘otayotganligini e’tirof etib, tanlov ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbirda ko‘rik-tanlovning mahalla fuqarolar yig‘inlari saralash bosqichida g‘olib bo‘lgan ishbilarmon ayollar ishtirok etib, o‘z qo‘l mehnati bilan yaratilgan buyum va mahsulotlar ko‘rgazmasini namoyish etdi.
– Mazkur ko‘rik tanlovda ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish sub’ekti rahbari sifatida ishtirok etdim. Ayollar milliy liboslari, bilaguzuk, sirg‘a, qo‘l bezaklari, zargarlik mahsulotlaridan to‘rli taqinchoqlar va boshqa buyumlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganimizga ancha bo‘ldi. Bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda O'zLiDeP tomonidan tadbirkor ayollarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib kelinayotganligi bizni yangi marralarni egallashga da’vat etadi, – deydi Buxoro shahridagi “MAMEDOVA SH” xususiy korxonasi rahbari Shahlo Mamedova.
Tanlov ishtirokchilaridan biri Sharifa Halimovaning qorako‘l mahsulotlari tayyorlanadigan sexida 20 nafar opa-singillar tikuvchilik bilan band. Chevar ayollar mehnati bilan buyurtmachilarga yetkazib berilayotgan qorako‘l palto, nimcha, turli bosh kiyimlar va boshqa mahsulotlarga AQSH, Qozog‘iston, Rossiya kabi xorij bozorlarida ham talab katta. Birgina 2024-2025 yillar davomida bu davlatlardan 100 dan ziyod buyurtmalar qabul qilingan. Shuningdek, ushbu oilaviy korxona mahsulotlari poytaxt Toshkent va Qirg‘izistonning Bishkek shahrida tashkil etilgan ko‘rgazmalardan ham joy olgan.

Shaharning “B.Naqshband” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan hunarmand ayol Shahodat Nazarboyeva mana bir necha yildirki, milliy qo‘g‘irchoqlar tayyorlab kelmoqda. Uning mahsulotlari nafaqat hamshaharlar balki Buxoro mehmonlarida, sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bir oyda 100 dan ziyod ana shunday milliy qo‘g‘irchoqlar tayyorlab, xaridorlarga taqdim etib kelmoqda.
Ko‘rik-tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, peshqadam tadbirkor ayol Shahlo Mamedovaning faoliyati hakamlar hay’ati tomonidan munosib e’tirof etilib, 1-o‘ringa munosib deb topildi. 2-o‘rindan qorako‘lchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan hunarmand Nazira Nazarova joy oldi. 3-o‘ringa “Madina Mirodil Faxriddin” oilaviy korxonasi ish yurituvchisi Zarina Salimova loyiq ko‘rildi.

Ko‘rik-tanlovning shahar bosqichiga qatnashgan xotin-qizlardan kulolchilik va rassomchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan Shahlo Akramova “Faol tadbirkor ayol”, qorako‘lchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan yana bir tanlov ishtirokchisi Sharifa Halimova “Investitsiyalarni jalb qilishda tashabbus ko‘rsatgan ishbilarmon ayol”, milliy qo‘g‘irchoqlar yaratib kelayotgan Shahodat Nazarboyeva “Eng yosh, faol ayol tadbirkor”, so‘nggi urfdagi kelinlik liboslarini taqdim etib kelayotgan Muqaddas Usmonova “Zamonaviy tashabbuskor ayol” nominatsiyalari bo‘yicha o‘z bilim, mahorat va tajribalarini sinovdan o‘tkazdilar hamda ushbu yo‘nalishlarning g‘oliblari deb e’lon qilindi.
Tadbirning g‘olib va sovrindorlari O’zLiDeP Buxoro shahar Kengashi hamda hamkor tashkilotlarning diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.