Ma’lumki, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash barasida ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish orqali moddiy farovonligini oshirish maqsadida qator amaliy tadbirlarni tashkil etib kelmoqda.
Shunday tadbirlardan biri “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichlari tizimli ravishda o‘tkazilmoqda. Xususan, tadbir doirasida Bekobod tumanida ham fidoyi tadbirkor ayollar yana bir bor kashf etildi.

Ko‘rik-tanlovda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Viktor Pak, Atxam Nazirqulov, Galiya Rayxanova, partiya viloyat hamda tuman Kengashlari mutasaddilari, tuman hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov, Xalq deputatlari tuman Kengashidagi partiya deputatlari, tadbirkor va fermer ayollar ishtirok etdi.

Tanlovda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy islohotlar, siyosiy jarayonlar tub mazmun-mohiyatini keng targ‘ibot-tashviqot qilishda, yurtimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida faol ishtirok etayotgan shijoatli, tashabbuskor xotin-qizlar o‘zaro bellashdi.
Ochilish marosimida bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularning o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari, samarali biznes yuritishlari uchun barcha imkoniyatlar mujassam ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlikning turli yo‘nalish va sohalarda ilg‘or faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar o‘zlarining innovatsion yangiliklarga bo‘lgan intilishlari, g‘oya va tashabbuslari bilan ibrat namunasi bo‘layotganlari aytildi. Tanlov doirasida tashabbuskor ishbilarmon, tadbirkor ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Ko‘rgazma pavilonlarida tadbirkor, ishbilarmon, hunarmand, fermer va tomorqa yer egalari o‘z mahsulotlarini namoyish qildi. Bundan tashqari, xotin-qizlar rahbarlik qilayotgan ishlab chiqarish, MCHJ, oilaviy korxonalarda tayyorlangan brendlar ko‘rsatildi. Turli qo‘l mehnati buyumlari, to‘quvchilik, badiiy bezak san’ati singari hunarmandchilik namunalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari namoyish etildi.

– Bu ko‘rik-tanlovda “Ayollar daftari”da turgan, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanish natijasida daftardagi ro‘yxatdan chiqishga erishib, o‘zi singari boshqa xotin-qizlarni jamlab, ularga hunar va kasb sirlarini o‘rgatib, moliyaviy farovonlikka erishishlariga ko‘maklashayotgan ayollar qatnashmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Galiya Rayxanova. – Bularning bari yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, ayollarning tadbirkorlik faoliyati oila daromadini oshirib, turmush darajasining yaxshilanishiga, farzandlarning ta’lim olishi va sog‘lig‘ini mustahkamlashga zamin yaratadi. Bu qashshoqlikni kamaytirishga ham yordam beradi.
Hakamlar hay’ati belgilangan talablar doirasida bellashgan tashabbuskor ishbilarmon ayollarni adolatli baholadi. Ayniqsa, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha yangi ish o‘rni yaratgani, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni ma’lum kasb-hunar bo‘yicha o‘qitgani, bandligini ta’minlagani, qolaversa, hayotda o‘z o‘rnini topib olishda ko‘maklashgani, faoliyat turidan kelib chiqib eksportga yo‘naltirilgani kabi tashabbuslar alohida inobatga olindi.
Ko‘rik-tanlov hay’atining yakuniy qaroriga ko‘ra, faxrli uchinchi o‘ringa “Obod Xurshidabonu” fermer xo‘jaligida 10 nafar doimiy va 32 ta mavsumiy ish o‘rnini yaratgan Zulfiya Abduraimova munosib deb topildi. Ikkinchi o‘ringa tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatib, 100 nafar ishchi o‘rni yaratgan salohiyatli tadbirkor “XON QIZI” MCHJ rahbari Shohida Ermatova loyiq ko‘rildi.
Tanlovning birinchi o‘rnini fermer xo‘jaligida 28 ta ishchi o‘rni yaratgan “Boqiyeva Nazira” fermer xo‘jaligi rahbari Nazira Boqiyeva qo‘lga kiritib, hududiy respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. G‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev,O‘zA.