Yurtimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘la namoyon etishi va iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokiga keng yo‘l ochishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi Guliston shahridagi “Farovon” majmuasida yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbir O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi hamkorligida o‘tdi. Unda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan saralangan 11 nafar tadbirkor ayol hamda O‘zLiDeP Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasining mas’ul xodimlari, viloyat Kengashi vakillari, deputatlar hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Tanlovda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining deputati, senator, Guliston shahridagi “Halima Xudoyberdiyeva” nomidagi ijod maktabi direktori Pokiza Ahmadjanova so‘z olib, xotin-qizlarning yurtimiz taraqqiyotidagi o‘rni, tadbirkor ayollar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar borasida gapirdi va barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Qatnashchilar tanlov davomida o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini namoyish etdilar. Ular turli yo‘nalishlardagi o‘z loyihalari bilan hakamlar hay’atini tanishtirishdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Guliston tumanidagi ko‘p tarmoqli “Barlos” fermer xo‘jaligi rahbari Dilshoda Yusupova birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Zargar Ra’no Azimboyeva ikkinchi, uchinchi o‘rinni esa tadbirkor Shodiyona Raimova egalladi.

G‘olib va ishtirokchilarga diplom hamda O‘zLiDeP tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri