English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ishbilarmon ayol – 2022”: andijonlik ayollar bahsi
13:09 / 2022-08-11

Andijonda “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida “Ishbilarmon ayol – 2022” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yillik to‘yi arafasida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida o‘tkazilgan tanlovda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Aktam Hayitov so‘zga chiqdi. Unda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayniqsa, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ishbilarmon xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar ishbilarmon ayolning faoliyati bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar, shuningdek, ko‘rgazmalar ko‘rib chiqildi.

[gallery-8263]

O'zLiDeP, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashlari, viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi,  Savdo-sanoat palatasi viloyat filiali vakillaridan iborat hakamlar hay’ati ishtirokchilarning faoliyatini baholab bordi. Baholash jarayonida ular tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratish, mahsulotlarning xaridorgirligi, eksport salohiyati, ishlovchilarning ijtimoiy muhofazasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, belgilangan shartlar asosida eng yuqori baho olgan Asaka tumanidagi “Farangizoy” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Gulnoraxon To‘ychiyeva tanlov g‘olibi, deb topildi.

– Men kabi ko‘plab tadbirkor opa-singillarimizga rag‘bat berayotgan ushbu tanlovda g‘olib bo‘lganimdan mamnunman, – deydi tanlov g‘olibasi G.To‘ychiyeva. – 2017 yilda tadbirkorlik faoliyatimni boshlaganman. Asosiy faoliyatimiz trikotaj-tikuvchilik yo‘nalishi hisoblanadi. Buyurtma bo‘yicha ko‘rpa-to‘shak, bolalar va kattalar uchun yotoqxona choyshablari tikamiz. Mahsulotlarimiz nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki respublikamizning boshqa viloyatlariga ham yetib borgan.  Bundan tashqari, tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beramiz. Hozirda jamiyatimizda 150 nafardan ortiq asosan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar mehnat qiladi.

Tanlovda ikkinchi o‘rin Marhamat tumanidagi “Shahnoza tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shahnoza Sayfutdinovaga, uchinchi o‘rin esa Paxtaobod tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, hunarmand Sofiyaxon Xolmirzayevaga nasib etdi.

G‘oliblar, shuningdek, qator nominatsiyalar bo‘yicha tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA