Tarixdan ma’lumki, XVIII asr boshlarida Qoraqalpog‘iston hududida diniy qarashlar ancha kuchaygan bo‘lib, bu vaqtda ko‘pgina madrasa, masjidlar, diniy ta’limot beradigan kichik-kichik qal’alar qurilgan. Shulardan biri muqaddas dargoh – Ishanqal’a (Eshonqal’a)dir.
Ishanqal’a – hozirgi Kegeyli tumani hududidagi Xalqobod shahrining janubiy-sharqida, bir kilometrlik masofada joylashgan. Tarixchi olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Ishanqal’a qo‘rg‘oni XVIII asrning II yarmida qurila boshlangan. U yerda madrasa, masjid, kutubxona, talabalar yotoqxonasi, karvonsaroylar joy olgan. Qal’aga o‘sha vaqtda savodli va diniy bilimlarga ega odamlar ko‘p yig‘ilgan. Madrasaga o‘qish uchun ko‘plab bolalar, talabalar kelgan.
[gallery-2810]
Ishanqal’adagi masjid-madrasa hozirda ham saqlanib qolgan bo‘lib, unda bir paytning o‘zida 50 ga yaqin talaba ta’lim olgan. Qal’a asosan diniy ta’lim berish maqsadida qurilgani uchun uning devorlari baland emas. Yozma manbalarga qaraganda, qal’aning 4 tomonida kirish eshigi va darvozasi bo‘lgan. Qal’aning ichidagi uylar bir qavatli, ba’zilari esa ikki qavatli qilib qurilgan.
Bundan atigi 150-200 yil avval go‘zal qiyofa kasb etgan va Qoraqalpog‘istonning muqaddas qadamjolaridan bo‘lgan Ishanqal’a bugun restavratsiyani talab qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA