Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ish joyida genderga asoslangan zo‘ravonlikning dolzarb masalalari muhokama etildi
18:58 / 2025-12-01

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Ayollar va qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” mavzusidagi 16 kunlik targ‘ibot tadbirlari doirasida Toshkentda “Ish joyida genderga asoslangan zo‘ravonlik: nazariya va amaliyot” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Seminardan ko‘zlangan  maqsad –  ishtirokchilarni ish joyidagi genderga asoslangan zo‘ravonlik (GAZ) shakllari va ko‘rinishlari haqidagi xabardorlik darajasini oshirish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish, aniqlash va ularga munosabat bildirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash orqali xavfsiz va inklyuziv ish muhitini yaratishga hissa qo‘shishdan iborat.

Ushbu tadbir mamlakatimizda gender tengligini mustahkamlash, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda mehnat  jamoalarida xavfsiz va qo‘llab-quvvatlovchi muhitni shakllantirishga oid tizimli chora-tadbirlarning muhim qismi sanaladi.

Ish joyida genderga asoslangan zo‘ravonlik psixologik bosim, kamsitish, iqtisodiy to‘siqlar, jismoniy tazyiq yoki kabi ko‘rinishda namoyon bo‘lib, xodimlarning ruhiy barqarorligi, mehnat unumdorligi va ijtimoiy faolligiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Shu bois mavzuning dolzarbligi ortib, rahbarlar, mutasaddilar va jamoat yetakchilarining gender masalalariga oid bilim va mas’uliyatini oshirish tobora ahamiyat kasb etmoqda.

Seminar-trening davomida ishtirokchilar genderga asoslangan zo‘ravonlik (GAZ) tushunchasi, uning asosiy shakllari va ko‘rinishlari, shu jumladan ish muhitidagi misollar bilan tanishtirildi. GAZning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘rganish, GAZ alomatlarini aniqlash va samarali munosabat bildirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, jamoadagi rahbarlar, hamkasblar va institutlarning gender jihatdan sezgir va xavfsiz ish muhitini shakllantirishdagi rolini ochib berish kabi masalalarda bilim va malakalari oshirildi.  

Tadbir interaktiv metodlar, ya’ni guruhli muhokama, real vaziyatlar (keys-stadi) tahlili, rolli o‘yinlar, savol-javoblar va o‘zaro fikr almashish shaklida tashkil etilib, ishtirokchilarga mavzuni chuqurroq anglash, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash va o‘z tajribalarini bo‘lishish imkonini berdi.

Shuningdek, ish joyida zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, ularga to‘g‘ri huquqiy va tashkiliy baho berish, xodimlar uchun xavfsiz hamda maxfiy murojaat kanallarini yaratish, psixologik-pedagogik ko‘mak xizmatlarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.  

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi ushbu hamkorlik genderga asoslangan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha xalqaro tajribani mahalliy amaliyotga tatbiq etish, muassasalarda mas’uliyatli boshqaruv va xavfsiz mehnat muhitini yaratish jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilmoqda.

Tadbir yakunida mehnat jamoalarida gender zo‘ravonligini bartaraf etishga doir kompleks mexanizmlarni mustahkamlash, ayollar uchun huquqiy va psixologik yordam tizimlarini takomillashtirish hamda mas’ul tashkilotlar tomonidan tezkor javob choralarini kuchaytirish yuzasidan muhim tavsiyalar ishlab chiqildi.

N.Usmonova, O‘zA