Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ish haqini himoya qilishga oid konvensiya ratifikatsiya qilinmoqda
15:41 / 2024-02-09

Senat yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1949 yil 1 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Konvensiya ish beruvchilar tomonidan pul shaklida ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashga qaratilgan. Konvensiya qoidalari ish haqi to‘lanadigan yoki to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Konvensiya iqtisodiy faoliyatning barcha sohalariga tatbiq etiladi.

Konvensiyada ish haqini qarz majburiyatlari, tilxat, kupon yoki boshqa shaklda, shuningdek, tarkibida alkogol miqdori yuqori bo‘lgan spirtli ichimliklar, organizm uchun zararli giyohvand moddalar ko‘rinishida to‘lash taqiqlangan.

Konvensiya normalari O‘zbekiston qonunchiligiga, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030" strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘liq mos kelishi majlisda qayd etildi. 

Jahonning 99 davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiya mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar yaratishga imkon beradi. 

Senatorlar ma’qullagan qonun mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga salmoqli turtki bo‘lishi aytib o‘tildi.

Shu bilan yalpi majlisning birinchi ish kuni yakunlandi. 

N.Abduraimova, O‘zA