Luqma
G‘ofur G‘ulomning “Shum bola” asari asosida tayyorlangan xuddi shu nomdagi filmni ko‘rganmiz. Qoravoy boyning uyidan haydalayotganda, “Haqim nima bo‘ladi, boy ota?” deya ish haqini talab qiladi. Xullas, boy oqsoqollarning o‘gitiga quloq solib, Qoravoyning ish haqiga 1-2 qop chirigan olma berilishini aytadi va shu tariqa ish haqini to‘laydi.
Xo‘sh bugun-chi? Rivojlangan, taraqqiy etayotgan jamiyatlarda ham ayni muammo – ish haqini o‘zidan bilib to‘lamaslik holatlari bo‘lsachi?
Bir vaqtlar Guliston shahrida “Moy zavod” nomi bilan mashhur bo‘lgan bugungi “Guliston ekstra yog‘” aksiyadorlik jamiyatida shahar va uning yaqinidagi qishloq aholisi ish bilan band bo‘lib, qozon qaynatib keladi.
Bugun korxona aksiyalarini sotib olgan ishbilarmonlar zavodni zamonaviy innovatsion texnologiyalar bilan jihozlab, bir necha turdagi eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga moslashtirdi, korxona qoshida ayollar uchun qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ammo korxona ishchi-xizmatchilarining oylik maoshini to‘lashga kelganda mas’uliyat yo‘qolib qoldi.
Ishlashdan maqsad, pul topish, ro‘zg‘or tebratish. Maosh berishdan maqsad esa, ishchi-xizmatchining mehnatini qadrlashdir. Zero, mehnatga haq to‘lash xodim va ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasining asosiy shartlaridan biri.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 19 martdagi “Ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishiga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, korxona va tashkilotlar xodimlariga ish haqi o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi lozimligi, mehnat kodeksining 154-moddasida esa ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’iy nazar, xodim(lar)ga bajargan ish(lar)i uchun belgilangan muddat(lar)da mehnat haq(lar)ini to‘lashi shartligi belgilab qo‘yilgan.
– Ammo ming afsuski, bu norma “Guliston ekstrakt yog‘” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qayta-qayta buzilib, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda, – deydi Guliston shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Nazar Qarshiboyev. – Xodimlarning oylik maoshlarini vaqtida to‘lamaslik holati korxonada birinchi marta emas.
Adliya bo‘limiga ushbu korxona xodimlari O.Rahmonqulov, A.Jo‘rayev, S.Rahimov ish haqlarini so‘rab, o‘zlari mehnat qilgan “Guliston ekstrakt yog‘” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga takror-takror murojaat qilganliklariga qaramay, bu masala korxona rahbariyati tomonidan ijobiy hal qilinmayotgani uchun amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Ularning ushbu murojaatlari bo‘lim tomonidan o‘rganilib, murojaatchilarning manfaati uchun Guliston tumanlararo fuqarolik sudiga arizalar kiritildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudi tomonidan joriy yilning 28 may kuni A.Jo‘rayev foydasiga 7 million 180 ming 187 so‘m, S.Rahimov foydasiga 4 million 938 ming 428 so‘m, shuningdek, O.Rahmonqulov foydasiga 4 million 787 ming so‘m undirish to‘g‘risida sud qarori chiqarildi.
Xalqimizda, to‘q bola och bola bilan o‘ynamaydi, o‘ynasa-da uning qorni ochligi bilan ishi bo‘lmaydi, degan naql bor.
Oylik maoshlarini vaqtida ololmay qiynalayotgan, najot izlab eshikma-eshik sarson bo‘layotgan ishchilar haqida kim o‘ylaydi? Ayniqsa, bu bir marta emas, bir necha bor sodir bo‘layotgan bo‘lsa.
– Bir necha oylardan buyon zavoddagi rahbarlarning hammasidan yordam so‘radik, – deydi ishchilardan biri A.Jo‘rayev. – Hech qanday natija chiqmadi. Oxiri, Guliston shahar adliya bo‘limiga murojaat qildik. Haqiqat bor ekan. Murojaatimizni qisqa fursatlarda o‘rganib chiqib, adliyaning aralashuvi bilan bir guruh hamkasblarimning manfaati himoya qilindi, sansolarlik holatlariga chek qo‘yilib, maoshimiz undirib berildi.
Bugun mamlakatimizda tadbirkorlar, yangi ish o‘rinlari yaratayotganlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ammo bu ularning o‘z mansabini suiiste’mol qilishiga izn bermaydi.
A.Qayumov, O‘zA