Guliston tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro Sh. M. ning oylik ish haqi hamda mehnat ta’tili uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lar berilmayotgani haqidagi murojaati belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi va huquqiy jihatdan o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Sh. M. 2025-yil aprel oyida Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tarix va tarbiya fani o‘qituvchisi lavozimiga ishga qabul qilingan. Maktab ma’muriyati tomonidan yuritilgan ish vaqtini hisobga olish tabellarida uning ishga chiqqan kunlari to‘liq qayd etilgan. Biroq amalda xodimga hisoblangan oylik ish haqi o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda to‘lab berilmagani aniqlandi.
Shuningdek, o‘qituvchiga berilgan yillik mehnat ta’tili uchun qonunchilikda belgilangan tartibda ta’til pullari ham ajratilmagani ma’lum bo‘ldi. Holat mehnat shartnomasi, buyruqlar va boshqa rasmiy hujjatlar asosida o‘z tasdig‘ini topdi.
– Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish beruvchi moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, xodimga bajargan mehnati uchun haq to‘lashni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishi shart, – deydi Guliston tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Farhod Siddiqov. – Xodimning ish haqini kechiktirish yoki to‘liq bermaslik uning konstitutsiyaviy mehnat huquqlarini buzish hisoblanadi.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan adliya bo‘limi tomonidan fuqaro manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga da’vo arizasi kiritildi. Sud ish materiallarini atroflicha ko‘rib chiqib, Sh. M. foydasiga tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hisobidan 4 040 290 so‘m miqdorida ish haqi va tegishli to‘lovlarni undirish haqida hal qiluv qarorini qabul qildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri