Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash va kasb-hunarga o‘qitish yo‘lida samarali ishlar olib borilmoqda.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi tasarrufidagi Guliston “Ishga marhamat” monomarkazida ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish maqsadida 28 ta yo‘nalish ochilgan. Bu yerda davr talabiga mos yangi yo‘nalishlarda ham o‘quv-kurslari tashkil etilmoqda.
Monomarkazdagi yangiliklar, boshqarma tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Ishtirokchilar monomarkaz faoliyati bilan tanishish davomida yapon tili kursida tahsil olayotgan tinglovchilar bilan suhbatlashdi. Mazkur yo‘nalishda 20 nafar tinglovchi o‘qimoqda. Bundan tashqari, viloyat migratsiya bo‘limi qoshida ham 20 nafar tinglovchi o‘qishni davom ettirmoqda. OAV vakillari yana bir yangi – “Baliqchilik” yo‘nalishi bilan tanishdi.

Press-tur qatnashchilari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ajratilgan subsidiya asosida faoliyat boshlagan “Mehr vodiysi” unitar korxonasiga bordi. Korxonada 14 xildagi sport anjomlari ishlab chiqarilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 19 nafar imkoniyati cheklangan fuqaro ish bilan ta’minlangan.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (surat), O‘zA