Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ish beruvchining aybi bilan ortiqcha ish haqi to‘lansa...
15:06 / 2022-05-25

YURIDIK KLINIKA

Mehnatga haq to‘lashning shakli va tizimlari mukofot, ustama, qo‘shimcha to‘lovlar va rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi.

Xo‘sh, mehnatga haq to‘lanayotganda ish beruvchining aybi bilan ortiqcha ish haqi to‘lansa, uni qayta undirib olish mumkinmi? Ish haqini taqiqlangan shakllarda to‘laganlik uchun mansabdor shaxslarga qanday javobgarlik belgilanadi? Ushbu savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.

– Mehnat kodeksining 154-moddasiga binoan ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq to‘lashi shart.

Mazkur kodeksning 161-moddasiga asosan mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarning ayrim toifalari uchun alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan ish haqi to‘lashning boshqa muddatlari belgilab qo‘yilishi mumkin. Ish haqi hisob-kitobdagi xato natijasida ortiqcha to‘langan bo‘lsagina xodim tomonidan qaytariladi. Ish beruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan ortiqcha to‘lovlar qaytarilmaydi. Ish haqini taqiqlangan shakllarda to‘laganlik uchun mansabdor shaxslarga ma’muriy jarima belgilanadi.

– Hisob-kitobda yo‘l qo‘yilgan xato oqibatidagi ortiqcha to‘langan ish haqini qayta undirib olish mumkinmi?

– Ha, bu holatda qayta undirib olsa bo‘ladi. Chunki Mehnat kodeksining 279-moddasi 1-qismiga binoan ish beruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan, shu jumladan qonunni noto‘g‘ri qo‘llanishi oqibatida to‘langan ortiqcha ish haqi qayta undirib olinishi mumkin emas. Hisob-kitobda yo‘l qo‘yilgan xato oqibatidagi ortiqcha to‘lovlar bundan mustasno.

– Agar xodim aybi bilan ortiqcha ish haqi to‘lansa, uni qayta undirib olish mumkinmi?

– Ha, bu holatda ham qayta undirib olsa bo‘ladi. Chunki Mehnat kodeksining 279-moddasi 2-qismiga ko‘ra, xodimga u bergan yolg‘on ma’lumotlari yoki taqdim etgan soxta hujjatlari oqibatida to‘langan summalar undan sudning qarori yoki hukmi asosida undirib olinadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA