Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ish beruvchilar uchun yangi imkoniyat: YAMMT orqali tijoriy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi
17:22 / 2025-12-04

Joriy yilning 3 dekabrida Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Ushbu hujjat bilan “Yagona milliy mehnat tizimi” (YAMMT) orqali ish beruvchilarga tijoriy elektron xizmatlar ko‘rsatish tartibi belgilandi. Endilikda ish beruvchilar o‘z faoliyati bilan bog‘liq qator hujjat va ma’lumotlarni YAMMT orqali qulay, tez va onlayn shaklda rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘ladi. Mazkur yangilik mehnat hujjatlarini yuritish tartibini soddalashtirib, ish beruvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.         

Ushbu hujjatga asosan, endi ish beruvchilar “YAMMT IDAK”orqali mehnat shartnomalarini tuzish, bekor qilish va o‘zgartirish, xodimlarning mehnat daftarchasidagi ma’lumotlarini elektron tizimga kiritish, tashkilot tuzilmasini shakllantirish kabi xizmatlardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, elektron formatda mehnat shartnomasi tuzilganda, ish beruvchi va xodim elektron raqamli imzo (ERI) orqali kelishuvni rasmiylashtiradi. Bundan tashqari, mehnat daftarchasini elektron shaklda yuritish orqali xodimlarning ish staji va mehnat faoliyati tarixini aniq, shaffof va elektronlashtirilgan tarzda saqlash mumkin bo‘ladi.  

E’tiborli jihati shundaki, elektronlashtirish xizmatlari aholiga bepul. Ish beruvchi xodim me’yoriy huquqlarga muvofiq to‘g‘ri va rasmiy ravishda mehnat shartnomasini rasmiylashtirishi, xodim  o‘z mehnat faoliyati, staji, ijtimoiy himoya va pensiya huquqlari uchun zarur bo‘lgan rasmiy hujjatga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, davlat mehnat bozorini tartibga solishni va rasmiylashtirilmagan (norasmiy) bandlikni qisqartirish imkonini beradi. 2025 yilda qabul qilingan boshqa normalar — elektron mehnat shartnomalari, norasmiy bandlikni rasmiylashtirish, pensiya va ijtimoiy muhofaza bilan bog‘liq o‘zgarishlarning umumiy tartib-taomilni yangi bosqichga ko‘tardi.      

Bugungi kunda ko‘p tadbirkorlik sub’ektlari — ayniqsa, xizmat, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida 50 dan kam xodimli korxonalar elektron mehnat shartnomalari Face ID orqali rasmiylashtiriladi.  “YAMMT”dagi elektron mehnat daftarchasi orqali odamlar o‘z mehnat faoliyatini, ijtimoiy himoya bilan bog‘liq huquqlarini qayerdan va qancha muddatda bajarganini aniq ko‘ra oladi. Bu pensiya, ijtimoiy yordam va boshqa manfaatlar uchun muhim.  Bunday tartib norasmiy mehnat munosabatlarini qisqartirishga, mehnat huquqlari buzilishining oldini olishga xizmat qiladi.  

Sh.Mamaturopova, O‘zA