Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ish beruvchi ish vaqti rejimining turli variantlarini belgilashi mumkin
10:34 / 2022-11-07

Ma’lumki, shu yilning 28 oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bir qator yangi tartib va qoidalar belgilangani bilan alohida ahamiyatga ega.

Ayni kunlarda ushbu hujjat mazmun-mohiyati keng targ‘ib qilinmoqda, unda belgilangan tartib-taomillar haqida fikr va munosabatlar bildirilmoqda. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Tilavoldiyev o‘z munosabatini quyidagicha bayon qildi:  

— 19,2 million mehnat resursi, 15,1 million iqtisodiy faol aholisi bor O‘zbekiston uchun bozor iqtisodiyoti talablariga, zamonaviy mehnat bozori tendensiyalariga mos keluvchi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunga zarurat bor edi. Shu bois yangi tahrirda ishlab chiqilgan Mehnat kodeksi Prezidentimiz tomonidan imzolandi va u 6 oydan so‘ng kuchga kiradi.  

Xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash, xodimlar va ish beruvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek xodimlarga xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish, ishsizlikdan himoyalash ushbu kodeksning asosiy vazifalari sifatida e’tirof etiladi.  

Shuni alohida ta’kidlash joizki, kodeks mehnat munosabatlari sohasida aholi tomonidan davlat va vakillik organlariga eng ko‘p yo‘llanadigan murojaatlar va e’tirozlarga aniq yechimlarni taqdim etadi. Xususan, ish beruvchining ish haqini kechiktirish uchun javobgarligi (kechiktirilgan har bir kun uchun qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida) nazarda tutilmoqda. Xodimning pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi chiqarib tashlandi, ishdan bo‘shatish nafaqasini ish beruvchida ishlagan ish stajiga qarab differensiatsiyalashgan miqdori belgilandi.  

Bundan tashqari, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish jarayonida jamoatchilik nazorati mexanizmlari aks ettirildi. Yakka mehnat nizolari komissiyalarda yoki sudda hal etilishi holatlari ko‘rsatilgan, yakka mehnat nizoci mediatorga yuborilishini joriy etish, mehnat arbitraji tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Nizolarni muqobil hal qilishning imkoniyatlari kengaytirilib, sudlardagi ish hajmi kamaytirildi. Ayrim toifadagi xodimlarning mehnati huquqiy jihatdan tartibga solindi.  

Shuningdek, ish beruvchi tomonidan ish vaqti rejimining turli xil variantlarini belgilash mexanizmlari (smenali ish, moslashuvchan ish rejimi, ish kunini qismlarga bo‘lish va boshqalar) joriy etilmoqda. Mikrofirmalar, YATTda mehnat qonunchiligi soddalashtirilishi, ish beruvchilarga muddatli mehnat shartnomasini tuzish asoslari sezilarli darajada kengaytirilishi hamda ish beruvchi tomonidan xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish va ishdan chetlashtirish tartibga solinishi ish beruvchilarga faoliyatlarini olib borish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.  

Eng muhimi, yangilangan kodeks bilan mehnat huquqlarini tartibga solishdagi bo‘shliqlar va qarama-qarshiliklar bartaraf etiladi. Shu bilan birga 1 million mavsumiy ish bilan band bo‘lganlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash imkoniyati yaratiladi.  

Yana bir muhim masala. Kodeks bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi normalarni o‘z ichiga olgani bilan ham ahamiyatlidir.  

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan kodeks qabul qilindi. Oldimizda turgan navbatdagi ustuvor vazifa uning mazmun-mohiyatini, kiritilgan o‘zgarishlarni ish beruvchilar va aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA