Mamlakatimizda o‘zbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish bo‘yicha bir nechta huquqiy asoslar yaratildi.
Xo‘sh, ular qanday asoslar? Tilimiz rivoji bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildiyu, galdagi muhim vazifalar qaysilar?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonovdan shu va boshqa savollarimizga javob oldik.
—Keyingi yillarda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi hamda ilm, badiiyat, davlatlararo, mintaqalararo muloqot tilini rivojlantirish bo‘yicha huquqiy asoslar yaratildi, — deydi I.Sultonov. — Huquqiy asossiz davlat tilini rivojlantirish uchun kerak bo‘ladigan ijtimoiy mexanizmlarning ishlashi qiyin kechadi.
Huquqiy asoslar – Prezidentning davlat darajasidagi farmon hamda qarorlari, qonun va qonunosti hujjatlar hisoblanadi.
— O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritilishiga to‘liq o‘tildi, deb ayta olasizmi?
—Ayrim korxona yoki tashkilotlarni nazarda tutmasak, hozirgi kunda O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritilishiga to‘liq o‘tildi.
Aksariyat hollarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritilyapti. Kelib tushadigan hujjatlar, vazirlik yoki tashkilotlardan chiqadigan, hattoki xalqaro hujjatlarning hammasi o‘zbek tilida.
—O‘zbek tilini rivojlantirish uchun yana qanday ishlar amalga oshirilishi kerak deb hisoblaysiz?
—Tilimizni yanada rivojlantirish uchun bugungi kunda tadqiqotlar kerak. Olimlarimiz ko‘pdan beri muhim ahamiyatli deb qarab kelmagan til sohalarida katta ko‘lamlarda tadqiqotlar olib borilishi zarur.
– Tadqiqot olib borishda qaysi jihatlarga e’tibor berish kerak?
–Masalan, shevashunoslik sohasi. O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan shevalar o‘zbek tilining so‘z xazinasi, boyligi. Bugungi kungacha ba’zi bir hududlarning shevalarini o‘z ichiga jamlagan kitoblar chiqqan. Bu ayrim fidoyi olimlarimiz mehnati evaziga, o‘zlarining harakatlari bilan amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda bunday ishlarni davlat miqyosida amalga oshirish, hammasini yig‘ib, lug‘atlar va kitoblar holiga keltirish uchun katta ishlar boshlangan.
Undan tashqari zamonaviy, ya’ni ijtimoiy, ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi lug‘atlarni davlat ko‘magi bilan tayyorlab borish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish ko‘zda tutilyapti.
Shu bilan birga, geografik ob’ektlarning nomlanishi masalasi. O‘z vaqtida ba’zi tarixiy nomlarimiz o‘zgarib, boshqa nomlarga o‘tgan hollar bo‘lgan. Shu nomlarni o‘z asliga qaytarish, ya’ni o‘zining tarixiy nomini tiklab qo‘yish masalasi turibdi. Yangi qurilayotgan ob’ektlar, shaharlar, bunyod bo‘layotgan qishloqlar bor. Ularga nom berish masalasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinyapti.
– Galdagi vazifalar xususida to‘xtalib o‘tsangiz?
– Rivojlantirishimiz kerak bo‘lgan ikkita yo‘nalish bor. Birinchisi, zamonaviy psixolingvistika. Bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun yoshlarimiz ustozlari ko‘magida yangi tadqiqotlar olib borishlari kerak. Ikkinchisi, Prezidentimiz ko‘p bora ta’kidlab o‘tadigan ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan tariximizning ochilmagan jabhalarini o‘rganish.
Tariximizni mukammal bilish, bo‘lib o‘tgan voqealarni mushohada qilish, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini anglab yetish orqali davlatimizga, tilimizga bo‘lgan ehtirom, faxr tuyg‘usi ortadi, milliy shuur kuchaytiriladi. Mana shu milliy shuurni kuchaytirish uchun qilinadigan ishlar ko‘proq olimlar, ilm kishilarining chekiga tushmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/McocpD5X1SQ" title="Isajon Sultonov: O‘zbek tilini rivojlantirish uchun ko‘proq tadqiqotlar kerak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Bu ishlarni amalga oshirish uchun huquqiy asoslar yaratib berildi. Qolgan ishlarni davom ettirish, amalga oshirish har bir inson qalbining tub-tubidan kelib chiqadigan, millati va tiliga bo‘lgan hurmatida qoldi. Qonunlarni bir qanot, xalqni ikkinchi qanot desak, mana shu ikkala qanot bitta tanaga birlashganidan keyingina tilimiz ravnaq topadi.
Nigora Rahmonova,
Boymirza Xalilov (video), O‘zA