Qish-qirovli kunlarga aholi xonadonlari, ijtimoiy va boshqa ob’ektlar mavsumga tayyormi?
Qish mavsumiga aholi xonadonlari qanchalik tayyor, is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida fuqarolarning xonadonlari, ijtimoiy ob’ektlarda bu borada Sirdaryo viloyatida qanday ishlar olib borilmoqda?
Ana shu va shu kabi savollarga javob olish maqsadida – viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning quyi tizmida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar xulosasi bilan yaqindan tanishdik.
Aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Sirdaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, shahar va tumanlardagi bo‘limlari xodimlari hamda “Hududgazta’minoti" aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari bilan o‘zaro hamkorlikda is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha proflaktika tadbirlarni olib bormoqda va aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etilayotir.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar viloyatning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Profilaktik tadbirlar davomida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, yong‘inlar, is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnash holatlari va pirotexnika vositalari sotilishini oldini olishda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi haqida fuqarolarga keng tushuncha va tavsiyalar berilmoqda.
Aholi tomonidan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan qo‘lbola, nostandart gaz jihozlaridan foydalanish, gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, nosoz holatdagi dudburonlardan foydalanish hamda xonadon ichida ochiq olovdan isitish maqsadida foydalanish holatlarining uchrab turishi fuqarolarining is gazidan zaharlanishiga hamda havo va gaz aralashmasini chaqnashi natijasida jabrlanishi va hattoki halok bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Tabiiy gaz – bu asosan (98 foiz) metan (SN4) hamda 2 foiz boshqa og‘ir uglevodorodlar (propan, butan, etan, geksan va boshqalar)dan iborat bo‘lgan gazdir. Metan gazning 1 m3 ni yoqish uchun 9,5 m3 havo kerak bo‘ladi. Gaz asbobi surunkali ishlatilganda gaz asbobi o‘rnatilgan xonani eshik va derazalarining zich yopilishida metan gazining yonishi uchun kerak bo‘ladigan havo miqdorini kamayib ketishi va metan gazini to‘liq yonmasligi natijasida is gazini keltirib chiqarishi mumkin.
Bunday holatni paydo qiluvchi, ishtirokchi va jabr ko‘ruvchi ham insonlarning o‘zlari bo‘layotir. Ayniqsa, yuzaga kelayotgan ayrim talofatlarda yosh bolalarni jabr ko‘rayotganligi esa achinarli holdir. Bu mudhish voqealarning asosiy sababi aholining xavfsizlik talablarini bilmasligi yoki unga beparvolik bilan qarashi bo‘lib kelmoqda.
Profilaktika tadbirlarida gaz xo‘jaligi korxonalari tomonidan uylardagi tarmoq gazida ishlovchi gaz plitalariga (boshqa gaz asboblari bo‘lmaganda) ikki yilda bir marotaba, uylardagi suyultirilgan gazda ishlaydigan gaz plitalariga (o‘zga gaz asboblari bo‘lmaganda) bir yilda bir marotaba texnik xizmat ko‘rsatilishi hamda isitish mavsumi oldidan isitish va suv isitish asboblariga texnik xizmat ko‘rsatilishi, uy-joylardagi tarmoq gazida ishlovchi gaz plitalari, isitish, suv isitish asboblariga yilda bir marotaba texnik xizmat ko‘rsatilishi shartligi eslatib o‘tilayotir.
Jumladan, Sirdaryo tumani 4-sektor hududi Paxtakor MFY Paxtakor ko‘chasi 7-uyda yashovchi D.Abdusattorovning xonadonida o‘rnatilgan gaz plitasidagi shlanglar almashtirildi.
– Xonadonimdagi gaz plitkasining buragichlari ziyidan gaz chiqadigan bo‘lib qolgandi, – deydi shu tumandagi Adolat mahalla fuqarolar yig‘ini 1-mavze 15\2-uyda yashovchi L.Gorbunova. – Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari bu nosozlikni aniqlab, “Hududgazta’minoti" aksiyadorlik jamiyati mutaxassisi bu kamchilikni zudlik bilan bartaraf etdi. Deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan gaz plitasi ta’mirlangach, xuddi yangidek ishlab turibdi. Ular barcha qo‘ni-qo‘shnilarni yig‘ib, is gazidan zaxarlanishni oldini olish, yong‘in qoidalari qatiyan rioya qilish to‘g‘risida atroflicha tushintirish berdi. Xolis xizmat ko‘rsatgan va bizga zarur ma’lumotlarni bergan har ikki soha mutaxassislariga ming rahmat.
Tumanning 3-sektori hududidagi Intilish MFY Abduqodirova ko‘chasi 25-uyda istiqomat qiluvchi S.Seitovaning yashash uyidagi gaz plitasiga suyultirilgan gaz (propan) ballon o‘rnatib berildi va undan qanday to‘g‘ri foydalanish qoidalari va is gazidan zaxarlanishni oldini olish borasida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi xususida profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Viloyatda o‘tkazilayotgan tadbirlar insonlarning tabiiy va is gazidan zaharlanishlarini va yong‘in kelib chiqishini oldini olishga xizmat qiladi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA