Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Is gazidan zaharlanib qolmang
10:12 / 2021-10-07

Havo haroratining keskin tushib ketganligi sababli aholining gaz jihozlariga bo‘lgan ehtiyoji ortmoqda.

Ayni mana shunday vaziyatda ba’zi iste’molchilarning gaz jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanganligi uchun turli baxtsiz hodisalar yuzaga kelmoqda.

"Hududgaz Buxoro" gaz ta’minoti filiali hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Gaz ta’minoti filiali hamda “Kogongaz” gaz ta’minoti bo‘limi mas’ul vakillari aholi xonadonlari, ijtimoiy ob’ektlarda bo‘lib, gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, nostandart gaz jihozlaridan foydalanmaslik, dudburonlarni ko‘p buramali holatda o‘rnatmaslik bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Kogon shahrida 11 ta umumta’lim maktabi hamda 18 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib boradi. Ularning xavfsizligini ta’minlash hamda gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanishi uchun mutaxassislar tomonidan turli tarqatma materiallari tarqatilmoqda. Gaz jihozlari, qozonxonalar esa qayta nazoratdan o‘tkazilmoqda.

– Tahliliy raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 198 mingga yaqin targ‘ibot materiallari tarqatildi, – deydi "Hududgaz Buxoro" gaz ta’minoti filiali matbuot kotibi Mohigul Abdullayeva. – 41 marotaba tushuntirish ishlari olib borildi. Albatta, mavjud kamchiliklar ham yo‘q emas. Xususan, 57 ta tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha obektlari gazdan foydalanish qoidalariga rioya qilmagan. Bu bo‘yicha soha vakillari tomonidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilayotir.

Targ‘ibot ishlari davomida xodimlar tomonidan zamonaviy isitish qozonlari, tejamkor gorelkalar isitish mavsumida iste’molchilarga xavfsizlik va iqtisod jihatidan juda qulay ekanligi borasida ma’lumotlar taqdim etilmoqda.

Joylarda bu kabi targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA