Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Is gazidan himoya choralari ko‘rib chiqildi
12:44 / 2025-09-08

Xovos tumanida aholini is gazidan zaharlanish, yong‘in, gaz va havo aralashmasining chaqnashi kabi ko‘ngilsiz hodisalardan asrash, 2025/2026 yillardagi kuz-qish mavsumini barqaror va xavfsiz o‘tkazish maqsadida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

Tadbirda tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev, tuman IIB boshlig‘i Avazbek To‘raqulov, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Unda mavsumni betalafot o‘tkazish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Seminar davomida Xovos tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limining xodimlari maxsus o‘quv-taktik mashg‘ulotlar o‘tkazib, mavjud texnik vositalarni namoyish etishdi. Shu bilan birga, aholining gaz uskunalari va dudburonlardan to‘g‘ri foydalanishi, pech va qozonlarda xavfsizlik avtomatikalarining benuqson ishlashi, xonalarda gaz hidining sezilmasligi, ventilyatsiya tizimlarining ishonchliligi, gazdan nostandart shlang orqali foydalanmaslik kabi talablarga qat’iy amal qilish zarurligi uqtirildi.

– Har yili kuz-qish mavsumida is gazidan zaharlanish holatlari qayd etiladi. Buning asosiy sababi  gaz uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish va xavfsizlik qoidalariga beparvolikdir. Shu bois biz aholiga doimiy ravishda targ‘ibot olib boramiz. Uydagi dudburonlar sof va ishchi holatda bo‘lishi, pechlar xavfsizlik avtomatikasi bilan jihozlangani, xonalarda gaz hidi bo‘lmasligi — inson hayotini asraydigan eng oddiy qoidalardir. Men yurtdoshlarimizni bu yilgi mavsumni ham shunday hayotiy talablarga amal qilgan holda xavfsiz o‘tkazishga chaqiraman, – dedi tuman FVB boshlig‘i Hasan Abdusamatov.

Seminar ishtirokchilaridan biri, Xovos tumani fuqarosi Temur Qodirov esa o‘z taassurotlarini quydagicha bayon etdi:  

– Rostini aytsam, ko‘pchilik dudburonni tozalash yoki gaz uskunalarini tekshirishni ortiqcha deb hisoblaydi. Lekin bu tadbirda ko‘rsatilgan misollardan keyin tushundimki, bunday ehtiyot choralari inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Endi xonadondagi pech va dudburonlarni muntazam tekshirib turishni o‘zimga odat qilaman. Bu ma’lumotlar har bir oila uchun juda kerakli ekan.

Ta’kidlanishicha, tumanning 26 ta mahallasida xodimlar va ko‘chaboshchilar orqali aholi o‘rtasida muntazam ravishda tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Seminar yakunida kuz-qish mavsumida uzluksiz va xavfsiz faoliyat yuritish bilan bog‘liq tashkilotlarning moddiy-texnika bazasi hamda xodimlar malakasi qayta ko‘rikdan o‘tkazildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri