Is gazidan zaharlanishning oldini olish uchun joylarda targ‘ibotlar davom etmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ayrim iste’molchilar xavfsizlik qoidalariga rioya qilmay, aksincha, nostandarat gaz jihozlaridan foydalanib kelmoqda. Dudburonlar tozalanmagan, achinarlisi, turli buyumlar bilan berkitilgan holda e’tiborsiz qoldirilgan.
Baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Buxoro viloyatidagi “Shofirkontumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi hamda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ullari hududning “Bog‘iafzal” mahalla fuqarolar yig‘inida tushuntirish ishlarini olib bordi. Tadbirlar davomida aholining nosoz yoki tozalanmagan dudburondan foydalanayotganligi aniqlandi.


– Aslida xavfsizlikni ta’minlash o‘z qo‘limizda. Fuqarolarga targ‘ibotlar davomida xavfsizlik qoidalari haqida doim eslatib o‘tamiz. Bugunga qadar tuman bo‘yicha mingdan ortiq iste’molchi energotejamkor gaz jihozini o‘rnatgan. To‘g‘ri, bu kichik raqam emas, ammo, xavfsizlikni ta’minlashda barcha birdek mas’ul hisoblanadi. Xato o‘rnatilgan dudburonlar esa hayot uchun juda xavfli, bu bo‘yicha batafsil yo‘riqnomalarda ko‘rsatilgan, – deydi tuman gaz ta’minoti bo‘limi mas’ul xodimi Izzat Karomov.


Ta’kidlash lozim, 644 ta yong‘inlarda elektr uskunalari va isitish pechlaridan noto‘g‘ri foydalanish, nostandart gaz jihozlarini ishlatish, ochiq olovdan foydalanish sabab bo‘lgan. Natijada fuqarolarning moddiy zarari 9 milliard 851 milliondan oshgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.