Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Is gazidan ehtiyot bo‘ling!
12:27 / 2025-10-14

Xavfsizlikka e’tibor berish har bir faslda zarur bo‘lgan amaliy jarayonlardan hisoblanadi. Kuz faslining teng yarimi ortda qolib, havo harorati sekin astalik bilan salqinlashib bormoqda. Bu o‘z navbatida fuqarolarning gazga bo‘lgan ehtiyoji ortib borishiga sabab bo‘ladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, ba’zi fuqarolar gazdan noto‘g‘ri foydalanishadi, natijada esa baxtsiz hodisalar kelib chiqishi mumkin. Ana shunday hodisalarning oldini olish uchun esa joylarda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan tushuntirish tadbirlari tashkil etilmoqda. Navbatdagi targ‘ibot tadbiri viloyatning Buxoro tumanida bo‘ldi. 

Buxoro tumanning Qavola Mahmud mahallasida bo‘lgan xodimlar ayrim fuqarolarning hali hamon gaz jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanib kelayotganligining guvohi bo‘ldi. Shuningdek, tozalanmagan dudburonlar, nostandart gaz jihozlarining yangisiga almashtirilmaganligi tanqid qilindi, ularning salbiy oqibatlari haqida fikrlar bildirildi.

– Tadbirlarimiz davomida juda ko‘p iste’molchilarning mavsumga tayyor emasligining guvohi bo‘ldik. Ba’zi fuqarolar dudburonlarni tozalashmagan, noto‘g‘ri o‘rnatilgan, ta’mirtalab holga kelib qolgan. Isitish moslamalari esa yangisiga almashtirilmagan. Fuqarolarga ularning xavfsiz ekanligi haqida yo‘riqnomalar berildi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tmoqchiman, gazdan noto‘g‘ri foydalanish is gazini keltirib chiqaradi. Isitish mavsumi boshlanishidan avval, isitish pechlari va dudburonlarining sozligi, quvurlarning har xil mahsulotlar bilan berkilib qolmaganligini ko‘zdan kechirib, dudburon orqali havo tortish kuchiga alohida ahamiyat qaratish lozim. Nosoz, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmaslik lozim, standart talablarga javob beradigan moslamalardan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning yo‘riqnomasi bilan tanishib, gaz uskunalarini rezina shlang orqali ulamaslik, isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormaslik shart. Agar xonada gaz sezilsa chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmay, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘rish kerak. Bu haqida “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, yong‘in-qutqaruv xizmatining “101” telefon raqamiga xabar berish lozim, – deydi gaz ta’minoti filiali mutaxassisi Saodat Babayeva. 

Tahlillar natijasiga ko‘ra joriy yilning 9 oyi davomida 644 ta yong‘inlar sodir bo‘lgan. Ular elektr uskunalari va isitish pechlaridan noto‘g‘ri foydalanish, nostandart gaz jihozlarini ishlatish, ochiq olovdan foydalanish sababli yuzaga kelgan. Natijada fuqarolarning moddiy zarari 9 milliard 851 milliondan oshgan. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.