Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Irsiy kasalliklarni erta skrining qilish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilmoqda
14:44 / 2024-01-18

Ma’lumki, 2023 yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoyga rasmiy tashrifi doirasida Cian shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumida O‘zbekistonning uzoq muddatli hamkorlari qatorida Xitoyning 400 dan ortiq yirik kompaniyalari ishtirok etgan edi. Ular O‘zbekiston tomoni bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi mutaxassislari tomonidan ushbu biznes-forumda biotexnologiya va farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi innovatsion kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi va bir qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Xitoyda inson genomini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi jahonda yetakchi “BGI Group” kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi.  

Hozirda yurtimizda mazkur shartnoma asosida tashkil etilgan “Genscreen” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ayni damda mazkur kompaniya tomonidan homilador ayollarda qator irsiy kasalliklarni va chaqaloqlarda 48 ta kasallikni erta skrining qilish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirilmoqda.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Genscreen” kompaniyasining asoschilari klinik diagnostika va genetik texnologiyalar sohasida jahondagi yetakchi ilmiy-tibbiyot kompaniyalardan biri — Pekin Genomika institutidir. Kompaniya dastlab 1999 yilda global Inson genomi loyihasida ishtirok etish uchun genetika tadqiqot markazi sifatida tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda BGI bemorlarni turli kasalliklar bo‘yicha tekshirish, hayvonlar, o‘simliklar va mikroorganizmlar genomlarini o‘rganish, shuningdek, DNK tahlillari uchun uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi.  

“Genscreen” kompaniyasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi INNO texnopark rezidenti hisoblanadi. Laboratoriya Ilg‘or texnologiyalar markazida joylashgan. Hozirgi vaqtda BGI tomonidan ishlab chiqarilgan genomlarning DNK tahlilini amalga oshiruvchi noyob laboratoriya uskunalari, yuqori samarali sekvenatorlar o‘rnatilgan.  

O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi faoliyatining birinchi bosqichi yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va homilador ayollarda genetik kasalliklar skriningini ishlab chiqish va joriy etishdan iborat. Toshkent shahri va Farg‘ona vodiysida skrining bo‘yicha pilot loyiha ishga tushirildi.  

 Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, genetik kasalliklarning xavfi turli omillarga, jumladan, qaysi organning zararlangani (bosh va orqa miya, skelet va suyaklar tizimi, mushaklar va biriktiruvchi to‘qimalar  tizimi, ichki organlardan yurak, o‘pka, buyrak, taloq, qon va limfa to‘qimalarining), erta bosqichda tashxis qo‘yish imkoniyati va boshqa jihatlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq, ba’zi irsiy kasalliklarning salomatlik va normal hayot sifatiga ta’siri jiddiy va xavfli hisoblanadi. Endilikda respublikada yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bolalar va kattalardagi irsiy kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha innovatsion yondashuvlar qo‘llaniladi.  

Pilot loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng butun respublikani to‘liq qamrab olish rejalashtirilgan. Laboratoriyaning ishlab chiqarish quvvati oyiga 70 mingdan ortiq test yoki yiliga irsiy kasalliklarga 1 milliondan ortiq test o‘tkazishga mo‘ljallangan bo‘lib, bu O‘zbekistonning ushbu turdagi tadqiqotlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondiradi.  

“Genscreen” turli xromosoma kasalliklari natijasida kelib chiqqan sindromlarni erta tashxislash uchun tug‘ilgandan keyingi birinchi kunlarda neonatal skriningni ishlab chiqish va amalga oshirishda, aholi va mahalliy laboratoriyalarga turli testlarni yetkazib berish, jumladan, homiladorlikning 10-haftasidan boshlab homilador ayollarni testdan o‘tkazishda ishtirok etadi.  

“Genscreen” kompaniyasi, shuningdek, saratonning har xil turlari uchun onkologik skrining, genetik pasportni yaratish uchun butun genom ketma-ketligi va 4000 dan ortiq turli kasalliklarni aniqlashga qaratilgan tadqiqotlarini davom ettirmoqda.  

Muhayyo Toshqorayeva,  O‘zA