English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Irqiy kamsitishning barcha ko‘rinishlariga barham berish-inson huquqlarini ta’minlashning asosiy yo‘lidir
21:25 / 2025-11-10

Irqiy kamsitish bu inson huquqlari va qadr-qimmatiga tahdid soluvchi eng og‘riqli va salbiy ijtimoiy hodisalardan biridir. U odamlarning irqi, terisining rangi, etnik yoki milliy mansubligiga ko‘ra huquq va erkinliklarini cheklaydi. Jahon hamjamiyati bu illatni tubdan yo‘qotish zaruratini anglab yetib, turli huquqiy choralar ko‘rishga harakat qilib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi eng muhim xalqaro hujjatlardan biri- “Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya hisoblanadi. Konvensiya 1965 yil 21 dekabrda qabul qilingan va 1969 yil 4 yanvardan kuchga kirgan.

Ikkinchi jahon urushi va uning oqibatlaridan keyin, inson huquqlarini himoya qilish, kolonializm va mustabidlikka qarshi kurash kuchaygan davrda irqiy kamsitishni bartaraf etish masalasi xalqaro miqyosda dolzarb bo‘lib qoldi. Shu tariqa 1965 yilda mazkur konvensiya qabul qilindi. Konvensiya irqiy kamsitishning har qanday ko‘rinishini bartaraf etish borasidagi xalqaro huquqiy majburiyatlarni belgilab berdi.

Konvensiyaning muqaddimasida davlatlar shunday ta’kidlaydi:
“Bir irqning boshqalardan ustunligi g‘oyasi ilmiy jihatdan asossiz, axloqiy jihatdan qoralanadigan, ijtimoiy jihatdan adolatsiz va xavflidir. Hech qanday sharoitda irqiy kamsitishni oqlab bo‘lmaydi.”

Konvensiyaning 1-moddasida “Irqiy kamsitish tushunchasi - bu irq, teri rangi, kelib chiqishi yoki etnik, milliy mansubligiga ko‘ra odamlarning huquq va erkinliklaridan teng foydalanishini cheklovchi yoki ustunlik beruvchi har qanday farq, cheklash yoki afzallikdir”, deb belgilangan.

Konvensiyaning a’zo давлатлари irqiy kamsitishning har qanday ko‘rinishini qoralaydi va uni bartaraf etish uchun tezkor choralar ko‘radi, davlat organlari yoki muassasalari orqali kamsitishga yo‘l qo‘ymaydi, shaxslar yoki tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan kamsitishni ham qo‘llab-quvvatlamaydi.

Shuningdek, davlatlar kamsitishni rag‘batlantiruvchi qonun yoki siyosatlarni qayta ko‘rib chiqadi, irqiy ajratishni kuchaytiradigan emas, balki integratsiyani rag‘batlantiruvchi jamoat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydi, irqiy jihatdan kam imkoniyatga ega guruhlar huquqlarini ta’minlash maqsadida maxsus choralar ko‘radi.

Konvensiyada belgilanganidek, davlatlar irqiy ustunlik yoki nafrat g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi tashkilotlar va shaxslar faoliyatini taqiqlaydi hamda ularga nisbatan jinoiy choralar ko‘radi. Har bir shaxs irqi yoki etnik kelib chiqishiga qaramasdan qonun oldida tengdir va adolatli sud himoyasi, xavfsizlik, saylov huquqi, ta’lim, mehnat va boshqa asosiy huquqlardan teng foydalanish imkoniga ega bo‘lishi lozim. 

Davlatlar har bir shaxsga irqiy kamsitish holatlariga qarshi samarali huquqiy himoya va kompensatsiya huquqini kafolatlaydi.

Konvensiyaning asosiy qoida va prinsiplari a’zo davlatlarning qonunchiligiga singdirilgan. Shunday bo‘lsa-da, uning normalarini amalga oshirishda ma’lum  muammolar ham bor. Xususan, jiamiyatda siyosiy iroda va xabardorlik yetishmaydi. Ko‘plab davlatlarda irqiy kamsitishning yashirin shakllari to‘g‘risida jamiyat va amaldorlar yetarli bilimga ega emas.

Ayrim davlatlarda antidiskriminatsiya qonunlari mavjud bo‘lsa-da, ularning ijrosi samarasiz yoki cheklangan. Irqiy farqlar huquqiy emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda - ta’lim, sog‘liqni saqlash, ish bilan ta’minlash kabi yo‘nalishlarda namoyon bo‘ladi.

Konvensiya va undan kelib chiqadigan majburiyatlarni monitoring qilish va hisobot tizimi zaif. Konvensiyaga muvofiq davlatlar BMT huzuridagi Irqiy kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasiga (CERD) davriy hisobot taqdim etishi kerak. Ammo, ayrim davlatlarda qo‘mitaning tavsiyalari bajarilmaydi

Migratsiya, etnik nizolar va milliy ozchiliklarning muhofazasi kabi masalalar xalqaro hamkorlikni talab qiladi. Ayrim davlatlar konvensiyaning maxsus choralarga oid moddalariga rezervatsiyalar kiritgan, bu esa uning ta’sirini susaytiradi.

Yuqoridagi muammolar yechimini topish uchun qonunchilikni mustahkamlash lozim. Ya’ni, irqiy kamsitishga qarshi javobgarlik va huquqiy himoyani belgilaydigan samarali qonunlar qabul qilish.

 Barcha ta’lim muassasalarida inson huquqlari, bag‘rikenglik va irqlararo tenglik mavzularini o‘qitish lozim. Irqiy kamsitish holatlari bo‘yicha statistik ma’lumotlar jamiyatga taqdim etib borilishi kerak. Fuqarolik jamiyati institutlari va faollar monitoring, hisobot tayyorlash va jamoatchilikni xabardor qilishda faol ishtirok etishi lozim.

Etnik yoki irqiy jihatdan kam imkoniyatga ega guruhlarga vaqtinchalik imtiyozlar (masalan, ta’lim yordami, ish o‘rinlari kvotasi) joriy etish kerak. 

Sohada xalqaro munosabatlarni yanada kengaytirish lozim. Davlatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma dasturlar tashkil etish, BMT va boshqa institutlar bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak. 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, барча turdagi irqiy kamsitishlarni tugatish - nafaqat huquqiy, balki axloqiy va ijtimoiy burchdir. Konvensiyaning amalga kiritilishi - insoniyat taraqqiyotidagi muhim qadam bo‘ldi. Ammo, uning samaradorligi davlatlar irodasi, fuqarolik jamiyatining faolligi va ta’lim-tarbiya orqali ongni o‘zgartirishga bog‘liq.

Konvensiya muqaddimasida ta’kidlanganidek: “Irqiy to‘siqlarning mavjudligi har qanday inson jamiyati ideallariga ziddir”. Shunga ko‘ra,  barcha xalqlar uchun tenglik, hurmat va qadr-qimmatni ta’minlash - adolatli jamiyat qurishning asosiy yo‘lidir.

Dilshod Israilov,

Odil sudlov akademiyasi kafedra 

mudiri